Ta’limga yo‘naltirilgan sarmoya albatta samarasini beradi
Jonajon O‘zbekistonimizning har bir go‘shasi yildan-yilga o‘zgarib, yangicha chiroy ochmoqda. Yurtimizda bunyod etilayotgan zamonaviy inshootlarni ko‘rib, ko‘zingiz quvnaydi.
Yangi O‘zbekiston qisqa davr ichida ilg‘or davlatlar safiga qo‘shilishni strategik maqsad sifatida belgilagan. Bu yuksak marraga erishish uchun esa bizga salohiyatli kadrlar, fundamental tadqiqotlar, innovatsion ishlanmalar zarur. Bu boradagi islohotlar mamlakatimizda kadrlar tayyorlash jarayonini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish, ilmiy-tadqiqot muassasalarini modernizatsiya qilish, innovatsion texnologiyalarni iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohaga jadal tatbiq etishda yaqqol ko‘zga tashlanmoqda. Tizimda sifat va samara shiddat bilan ko‘tarilgani oliy ta’lim olishning tub mohiyatini anglagan yoshlar dunyoqarashida, natijalarida yaqqol namoyon bo‘layotir.
Prezidentimizning joriy yil 25 may kuni “Oliy ta’lim tashkilotlariga o‘qishga qabul qilish va davlat buyurtmasini joylashtirish tizimini takomillashtirish to‘g‘risida” gi farmoni e’lon qilindi. Ushbu farmon birinchi navbatda inson qadrini ulug‘lash va iqtidorli yoshlarni oliy ta’limga ko‘proq qamrab olish uchun mo‘ljallangan, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Oliy ta’lim tashkilotlariga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha davlat buyurtmasini shakllantirish va davlat granti ajratish mexanizmlarini takomillashtirish, yoshlarning sifatli ta’lim olishi uchun mavjud sharoitlarni yaxshilash, kadrlar tayyorlashni iqtisodiyotning rivojlanayotgan tarmoq va sohalariga manzilli yo‘naltirish maqsadini ko‘zda tutadi. Shu bilan birga, davlat buyurtmasi bo‘yicha kvotalar taqsimotida muhandislik, tibbiyot, aniq va tabiiy fanlarga ustuvorlik berildi. Farmonda ta’lim oluvchilar manfaatlarini ko‘zlovchi shu kabi ko‘plab yangi tartib va o‘zgarishlar belgilanib, yangi o‘quv yili qabulida mazkur hujjat ijrosiga e’tibor qaratildi.
Mamlakatimizda oliy ta’lim muassasalariga belgilangan ustuvor vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida Farg‘ona politexnika instituti jamoasi bilan joriy yilda institutni 2030 yilga qadar rivojlantirish strategiyasi hamda ushbu strategiyaning asosiy yo‘nalishlaridan biri sifatida innovatsion faoliyatni “Tarmoq – korxona – oliygoh” tamoyili asosida yangi bosqichga olib chiqish bo‘yicha aniq maqsadlar belgilab olindi.
Bugungi kunda institutda ilmiy va innovatsion ishlab chiqarish hamda turli sohalarga xizmat ko‘rsatishga mo‘ljallangan jami 19 ta markaz faoliyat boshladi. Til o‘rgatish, tayyorlov va malaka oshirish markazi, o‘quv-ishlab chiqarish kompleksi, bino va inshootlarni loyihalashtirish markazi, media-markaz, qurilish materiallari akkreditatsiya markazi, AKT inkubatsiya markazi shular jumlasidan. Yana bir e’tiborli jihati, ushbu markazlar faoliyatini samarali tashkil etish maqsadida xorijiy tajribani qo‘llagan holda 14 ta “Spin-off” korxonasi ochildi. Institutning 2030 yilgacha rivojlanish strategiyasi ishlab chiqilgan bo‘lib, bu borada 2024-2025 yillarga mo‘ljallangan “Yo‘l xaritasi” asosida ish olib borilmoqda. Markazlar xalqaro va milliy mehnat bozorlariga raqobatbardosh muhandis kadrlar tayyorlashga yo‘naltirilgan bo‘lib, ilmiy-tadqiqot o‘quv ishlab chiqarish kompleksi, bino va inshootlarni loyihalashtirish, qurilish materiallarini akkreditatsiyadan o‘tkazish, til o‘rgatish, tayyorlov va malaka oshirish, PR-media, axborot-texnologiyalari hamda dasturlash yo‘nalishlariga mo‘ljallangan. Shuningdek, Yaponiyaning “Willtec” kompaniyasi bilan birgalikda xalqaro miqyosda qurilish sohasida maqsadli kadrlar tayyorlash uchun “Yapon tili va yapon texnologiyalarini o‘qitish” markazi ham tashkil etilgan.
Shuningdek, institutda talabalar uchun o‘zgaruvchan texnologik jarayonlarga moslashuvchan va faol munosabatda bo‘lish imkonini beruvchi individual ta’lim yo‘nalishlari tizimi joriy etilmoqda. Bu borada Oliy muhandislik maktabi loyihasi amalga oshirilishi ayni muddaodir.
Ayni paytda institutda mashinasozlik, kimyo sanoati, energetika va elektrotexnika yo‘nalishi sohasida 2863 nafar talaba bakalavriatda hamda 57 nafar talaba magistraturada tahsil oladi. O‘z navbatida, 54 nafar tayanch doktorant va 1 nafar doktorant ilmiy tadqiqot ishlari bilan shug‘ullanmoqda. Oliy muhandislik maktabi laboratoriya va ishlab chiqarish bazalari zamon talablariga mos jihozlangan. Shuningdek, 20 dan ortiq mahalliy ishlab chiqaruvchilar bilan hamkorlik aloqalari o‘rnatilgan. Dastlabki bosqichda oliy muhandislik maktabida mashinasozlik, elektrotexnika, energetika va kimyo texnologiya ixtisosliklari bo‘yicha maxsus magistratura dasturlari yo‘lga qo‘yiladi. Talabalarga soha buyurtmachilari talablari asosida shakllantirilgan maxsus o‘quv dasturlari asosida yangi mahsulotlarni loyihalashtirish hamda ilmiy izlanishlarga yo‘naltirilgan dasturlar bo‘yicha ta’lim beriladi. Magistraturaning ikkinchi yilida yangi mahsulotlar bo‘yicha tajriba konstruktorlik namunalarini yaratish bilan bog‘liq texnologik jarayonlar korxonalarda bevosita amaliyotda sinovdan o‘tkaziladi. Amaliyot bilan bog‘langan ilmiy tadqiqotga yo‘nalgan maxsus ta’lim dasturlarida tahsil olgan talabalar kelajakda yurtimiz iqtisodiyoti raqobatbardoshligini oshirish hamda sanoatimiz rivojiga hissa qo‘shadigan yuqori malakali kadrlar bo‘lib yetishadi.
Prezidentimiz topshirig‘iga binoan Farg‘ona politexnika instituti hamda Toshkent shahridagi Turin politexnika universiteti tomonidan “UzAvto” korxonasi bilan “Oliy muhandislik maktablari”ni ochish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Shu yilning 25 iyun kuni institutimiz vakillari “UzAvto” korxonasi mutasaddilari bilan uchrashuv o‘tkazdi. Uchrashuvda kelgusidagi hamkorlik aloqalari, oliy muhandislik maktablarini tashkil etish, innovatsion faoliyatdagi hamkorlik, dual ta’lim kabi muhim masalalar muhokama qilindi.
Mustaqillik bizga ulkan imkoniyatlar berdi. Oliy ta’limdagi islohotlar ham buni yaqqol ko‘rsatib turibdi. Yoshlarni ilmli, zukko etib tayyorlash maqsadi biz, ta’lim sohasi vakillarini fidoyilikka chorlaydi.
O‘ktam SALOMOV,
Farg‘ona politexnika instituti rektori, texnika fanlari doktori.