Ta’limda AQSH bilan hamkorlik qilinadi
Ayni kunlarda Toshkentda o‘tayotgan O‘zbekiston – AQSH sog‘liqni saqlash haftaligi doirasida yurtimizda mehmon bo‘lib turgan nufuzli universitetlar professorlari Buxoro davlat tibbiyot institutida ham bo‘ldi. AQSHning yana bir nufuzli oliy ta’lim muassasasi – Vebster universiteti prezidenti janob Julian Schuster boshchiligidagi delegatsiya tibbiyot institutida yaratilgan imkoniyatlar bilan tanishdi.
Delegatsiya yangidan qurib foydalanishga topshirilgan Abu Ali ibn Sino nomidagi Buxoro davlat tibbiyot institutining zamonaviy binosida yaratilgan shart-sharoitlar, auditoriyalar, maxsus o‘quv xonalari, laboratoriyalar, Simulyatsiya markazi, Axborot-resurs markazi faoliyati hamda talabalar turar joyida yaratilgan sharoitlarni o‘rgandi. Shundan so‘ng, tomonlar o‘rtasida o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va rivojlantirishning istiqbollari, birgalikda kadrlar tayyorlash tizimini yo‘lga qo‘yish borasidagi ustuvor vazifalar muhokama qilindi. Shu yerning o‘zida ikki tomonlama hamkorlik memoriandumi imzolandi.


Muzokaralar chog‘ida AQSH ta’lim standartlari asosida oliy ma’lumotli tibbiyot xodimlari tayyorlashni yo‘lga qo‘yishning istiqbollari, ushbu o‘quv kurslarini tashkil etish borasida hal qilinishi lozim bo‘lgan vazifalar haqida atroflicha so‘z yuritildi.


AQSHning Vebster universiteti prezidenti janob Julian Schuster boshchiligidagi delegatsiya Buxoro davlat universitetida ham bo‘ldi. Uchrashuv davomida delegatsiya a’zolariga Buxoro davlat universiteti, unda mavjud ta’lim dasturlari, tadqiqotlar, xalqaro hamkorlik masalalari bo‘yicha ma’lumotlar berildi. O‘zaro hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha takliflar taqdim etildi.Hujjatlar imzolandi.
Ma’lumot uchun: Vebster universiteti 1915 yilda tashkil etilgan bo‘lib, bir qator xorij davlatlarida va Toshkent shahrida o‘z filiallariga ega.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri