Ta’lim va kasblar ko‘rgazmasi
Yoshlar ishlari agentligi, Maktabgacha va maktab ta’limi Andijon viloyat boshqarmalari hamda “My Fair” kompaniyasi hamkorligida Andijon shahridagi Yoshlar markazida “Ta’lim va kasb – 2026” xalqaro ko‘rgazmasi o‘tkazildi.
Mamlakatimizda yoshlarning puxta bilim olishi, malakali mutaxassis bo‘lib kamol topishlariga, dunyodagi yetakchi oliy ta’lim muassasalaridagi mavjud mutaxassislik yo‘nalishlari haqida keng ma’lumotlarga ega bo‘lishi, bandligini ta’minlash maqsadida tashkil etilgan ko‘rgazmada yigirmaga yaqin xorijiy oliy ta’lim muassasalari, shuningdek, qator xorijiy davlatlar oliy o‘quv yurtlarining yurtimizdagi filiallari o‘z taqdimotlari bilan ishtirok etib, ta’lim yo‘nalishlari, grant dasturlari hamda zamonaviy kasblari bo‘yicha keng ma’lumotlar taqdim etdi.

Tadbirda andijonlik yoshlar xorijdagi qator oliy o‘quv yurtlari, ta’lim markazlari, shuningdek, Sharda-O‘zbekiston universiteti, “Collegium Humanum” Varshava menejment universitetining Andijon филиалидаги mavjud mutaxassisliklari, ta’lim olish shartlari, imkoniyatlari haqida ma’lumotlar oldi.

Tadbirda xorijlik mutaxassislar tomonidan AQSH, Rossiya, Belorus, Xitoy, Janubiy Koreya hamda Yevropa davlatlari oliy ta’lim muassasalarining taqdimotlari yoshlarda katta qiziqish uyg‘otdi.

– Ko‘rgazmadan biz juda xursandmiz, – deydi Andijon shahridagi 7-umumta’lim maktabi bitiruvchisi Muhamadrasul Qahramonjonov. – Ko‘rgazmada qatnashib, qator xorijiy davlatlardagi oliy o‘quv yurtlari, u yerda qay tarzda o‘qish mumkinligi haqida ma’lumotlarga ega bo‘ldik.

Yoshlarga keng imkoniyatlar eshigini ochib bergan mazkur ko‘rgazmada o‘n ming nafarga yaqin yoshlar ishtirok etib, xorijiy davlatlarning nufuzli oliy ta’lim muassasalari, shuningdek, ularning mamlakatimizda faoliyat olib borayotgan filiallaridagi ta’lim yo‘nalishlari bilan yaqindan tanishdi.
F.Ubaydullayev,
Z.Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari.