Ta’lim-tarbiya muassasalari faoliyati o‘rganildi
Bugungi kunda ta’lim-tarbiya tizimini rivojlantirish, yosh avlod kamoloti uchun munosib sharoitlar yaratishga muhim masala sifatida e’tibor qaratilmoqda. Sohadagi ishlar, ta’lim muassasalarida yaratilgan shart-sharoitlar Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari tomonidan o‘rganildi.
Deputat Muhammadjon Valiyev Farg‘ona viloyatining Dang‘ara tumanidagi 22-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabi faoliyati bilan tanishib, o‘quvchilar uchun yaratilgan sharoitlarni o‘rgandi.
Mazkur maktab uchun 9,4 milliard so‘m mablag‘ ajratilib, 840 o‘rinli yangi bino qurildi va foydalanishga topshirildi. Bu hududda ta’lim infratuzilmasini yaxshilash, o‘quvchilarning zamonaviy sharoitlarda bilim olishi va pedagoglarning samarali faoliyat yuritishi uchun imkoniyatlarni kengaytiradi.
Yangi maktab binosida inklyuziv ta’limni tashkil etishga ham alohida e’tibor qaratilgan. Xususan, maxsus xonalar tashkil etilib, liftlar o‘rnatilgan. Bu alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan bolalarning ta’lim olishi uchun qulay muhit yaratish, ularning teng imkoniyatlardan foydalanishini ta’minlashga xizmat qiladi.
Deputat Navro‘zbek Yusupov Andijon viloyatining Paxtaobod tumanidagi 14-umumiy o‘rta ta’lim maktabida bo‘lib, muassasadagi mavjud shart-sharoitlar, infratuzilma holati hamda yechimini kutayotgan muammolarni o‘rgandi.
1978-yilda qurilgan, 640 nafar o‘quvchiga mo‘ljallangan mazkur maktabda ayni paytda 743 nafar o‘quvchi tahsil olmoqda. O‘rganish davomida maktab binosining tashqi va ichki qismlari, tomi, o‘quv xonalari hamda sport zali ta’mirtalab holatga kelib qolgani aniqlandi. Maktab direktori ma’lumotiga ko‘ra, binoning tashqi qismi so‘nggi bor 2006-yilda bo‘yalgan.

Shuningdek, o‘quvchilar xavfsizligini ta’minlash, maktab hududini obodonlashtirish va muhofaza choralarini kuchaytirish maqsadida mazkur qismni maxsus devor bilan o‘rash zarurligi ta’kidlandi. Maktab ma’muriyati tomonidan bino va inshootlarni ta’mirlash, tom qismini tartibga keltirish, o‘quv xonalari va sport zalini ta’mirlash, shuningdek, hududni o‘rab turuvchi devor qurish ishlarida amaliy yordam ko‘rsatish so‘raldi.
Mavjud muammolarni belgilangan tartibda hal etish, ularni mas’ul tashkilotlarga yo‘naltirish va zarur ta’mirlash ishlarini amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
Qarshi shahridagi 17-sonli maktabgacha ta’lim muassasasida o‘rganishlar olib borgan deputat Noiba Inoyatova muassasaning kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik holatini ko‘zdan kechirdi. 390 o‘rinli muassasa binosining mavsumga tayyorgarligi, mavjud sharoitlar hamda ta’lim-tarbiya jarayoni uchun yaratilgan imkoniyatlarga e’tibor qaratildi. Shuningdek, muassasaning oshxona faoliyati, oziq-ovqat mahsulotlarining saqlanishi va sanitariya-gigiyena holati o‘rganildi.

Aniqlangan holatlar yuzasidan mas’ullarga tegishli tavsiya va ko‘rsatmalar berilib, mavjud kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha zarur choralarni ko‘rish tavsiya qilindi.
Muhtarama Komilova,
O‘zA