Ta’lim klasterlarini tashkil qilish – zamon talabi
Munosabat
Yurtboshimizning maktabgacha, umumiy o‘rta ta’lim va malaka oshirish tizimida yagona uzviy zanjirni yo‘lga qo‘yish uchun pedagogik ta’lim klasterlarini tashkil qilish to‘g‘risidagi ko‘rsatmasi Buxoro davlat pedagogika instituti professor o‘qituvchilari uchun yuksak ishonch va iftixor tuyg‘usini yanada oshirdi.
Hozirda, dunyo miqyosida manfaatlar kurashi, raqobat tobora avj olib, xalqaro vaziyat keskinlashib bormoqda. Biz kelajak uchun amaliy rejalar tuzar ekanmiz, xalqaro maydondagi murakkab vaziyatni hisobga olgan holda, taraqqiyotimizning ustuvor yo‘nalishlarini aniq-ravshan belgilab olishimiz zarur.

Millatimiz farzandlarining dunyo miqyosida zamonaviy bilim va ko‘nikmalarini shakllantirish muqaddas burch hisoblanadi. Yoshlarimizga munosib ta’lim berish, ularning ilm-fanga bo‘lgan intilishlarini ro‘yobga chiqarish bugungi zamon pedagoglariga jiddiy mas’uliyatni yuklaydi. Shu maqsadda maktabgacha ta’lim tizimini rivojlantirishimiz, o‘rta va oliy o‘quv yurtlarining moddiy-texnik bazasini, ilmiy va o‘quv jarayonlari sifatini tubdan yaxshilash imkoniyatini ta’lim klasterlari yaratadi, albatta.
Jamiyatimizda amalga oshirilayotgan har bir islohot xalqimizning ma’naviy ongi va madaniyati asosida amalga oshadi. Shu bois yoshlarimiz o‘rtasida ma’naviy tarbiyani keng yo‘lga qo‘yishimiz lozim. Ko‘zlagan maqsadimiz qanchalik yuksak va mashaqqatli bo‘lmasin, ularga yetish uchun barcha imkoniyatlarimiz mavjud. Ajdodlarimizning ma’naviy merosi, xalqimizning ilmiy va bunyodkorlik salohiyati hamda fidoiylik fazilati bizga bu yo‘lda beqiyos kuch-qudrat manbai bo‘lib xizmat qiladi.
Biz farzandlarimizning yorug‘ kelajagini ta’minlash uchun bundan buyon ham bir tanu jon bo‘lib, bor salohiyat, bilim va tajribamizni safarbar etishga tayyormiz.
Hamza HAYITOV,
Buxoro davlat pedagogika instituti professori,
filologiya fanlari doktori.