Ta’lim fidoyilari yig‘ini
Guliston shahridagi Prezident maktabida "Ustozlar –ta’lim bunyodkori" mavzusida “O‘qituvchilar qurultoyi” o‘tkazildi.
Anjumanda Maktabgacha ta’lim va maktab ta’limi vazirligi va viloyat boshqarmasi mas’ullari, shuningdek, viloyat ta’lim tizimida faoliyat olib borayotgan xorijlik va mahalliy ilg‘or o‘qituvchilar ishtirok etdi. Qurultoy boshlang‘ich ta’lim, aniq fanlar, tabiiy fanlar, ona tili va adabiyot yo‘nalishlarida tashkil etildi. Unda xorijiy va mahalliy mutaxassislar tomonidan ilg‘or tajribalar asosida yaratilgan darsliklar majmualari asosida o‘qitish metodikalari, o‘qish savodxonligi va ona tili fanlari doirasida 4K modelini qo‘llash, o‘quvchilarda XXI asr ko‘nikmalarini shakllantirish, loyihaga asoslangan ta’lim, mavjud muammolar va ularning yechimi bo‘yicha seminar-treninglar o‘tkazildi.

O‘qituvchilar qurultoyida maktabgacha va maktab ta’limi vaziri o‘rinbosari Temur Komilov ushbu tadbirning mohiyati, undan ko‘zlangan maqsad haqida gapirdi. Shuningdek, vazir o‘rinbosari hamda o‘qituvchilar so‘nggi yillarda ta’lim tizimining barcha bosqichlarini qamrab olayotgan keng islohotlar jarayoni va erishilgan yutuqlar, amalga oshirilgan xalqaro loyihalar, O‘zbekistonning ulardagi ishtiroki, natijalari, xalqaro tajribalarga muvofiq uzluksiz ta’lim tizimi mazmunini sifat jihatidan yangilash borasida olib borilayotgan ishlarga to‘xtaldi. “O‘qituvchilar qurultoyi” ning tuman (shahar) bosqichlarida soha xodimlari tomonidan berilgan takliflarni amalga oshirish bo‘yicha tegishli chora-tadbirlar haqida so‘z yuritdi.

Tadbir doirasida vazir o‘rinbosari va sirdaryolik umumta’lim maktablari o‘qituvchilari tizimdagi muammolar va takliflar haqida o‘z fikr-mulohazalari bilan o‘rtoqlashdi.
Ta’lim sohasida astoydil xizmat qilib kelayotgan bir guruh o‘qituvchilar “Xalq ta’limi fidoyisi”, “Xalq ta’limi a’lochisi” ko‘krak nishonlari hamda faxriy yorliqlar bilan taqdirlandi.
– Ko‘p yillik samarali mehnatlarim uchun "Xalq ta’limi a’lochisi" ko‘krak nishoni bilan taqdirlandim, – deydi Yangiyer shahar 11-umumta’lim maktabi tarix fani o‘qituvchisi Nilufar Po‘latova. –Bu rag‘bat menga bir tomondan quvonch bag‘ishlagan bo‘lsa, yosh avlodga yanada mas’uliyat bilan saboq berishim lozimligini qalbdan his etdim.
Sh.Suyarov, O‘zA muxbiri