Talabalarning kasbiy ko‘nikmalarini rivojlantirish – muhim masala
Andijon viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i O‘tkirbek Shukurov, pedagog mutaxassislar tayyorlaydigan oliy o‘quv yurtlar rektorlari, bitiruvchi bosqich talabalari ishtirokida muloqot bo‘lib o‘tdi.
Muloqotda mamlakatimizda yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning jamiyatda munosib o‘rin egallashi, puxta bilim olishi, kasb-hunar o‘rganishi uchun keng imkoniyatlar yaratib berilayotganligi, xususan, oliy o‘quv yurtlarida malakali pedagog kadrlar tayyorlash Yangi O‘zbekistonni barpo etish, qolaversa, yurtimiz porloq kelajagini yaratishda muhim ahamiyat kasb etishi alohida ta’kidlandi.
Muloqotda Andijon davlat universiteti, Andijon pedagogika hamda Chet tillar institutlari rektorlari tomonidan oliygohlarda bugungi kun talabiga javob beradigan, malakali pedagog kadrlar tayyorlash borasidagi ishlar sifatini, shuningdek, talabalarning nazariy bilim va amaliy ko‘nikmalarini oshirish, ularni ilg‘or va xorijiy ish tajribalar bilan yaqindan tanishtirish masalalariga alohida e’tibor qaratilayotganligi aytib o‘tildi.


Shuningdek, muloqotda viloyat Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i O‘tkirbek Shukurov talabalar o‘qish davridayoq nazariy bilimlarini amaliyot bilan mustahkamlashi, kelgusi faoliyati uchun zarur kasbiy ko‘nikmalarni puxta egallashi muhimligini gapirdi. Bu borada nimalarga e’tibor qaratish, shu bilan birga, berilayotgan imkoniyatlardan unumli foydalanish bo‘yicha talabalarga tavsiya va maslahatlar berdi.
Tadbirda viloyat Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi hamda oliy o‘quv yurtlari o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash yuzasidan taklif, fikr va mulohazalar bildirildi.



Yakunda tadbirda qatnashgan bitiruvchi bosqich talabalari amaliy ko‘nikmalarini oshirish uchun Andijon shahridagi davlat va nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari hamda maktablarga biriktirildi.
Faxriddin Ubaydullayev,
O‘zA muxbiri