Talabalar uchun zamonaviy turar joy foydalanishga topshirildi
Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti filiali hududida barpo etilgan 400 o‘rinli talabalar uchun turar-joy foydalanishga topshirildi.
Tantanali ochilish marosimida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi rahbariyati, oliy ta’lim muassasalari rektorlari, filial professor-o‘qituvchilari, shuningdek, talaba-yoshlar ishtirok etdi.
Tadbirda ob’ektning davlat-xususiy sheriklik asosida amalga oshirilgan yirik ijtimoiy loyihalardan biri ekani alohida qayd etildi. Qurilish ishlari 2024-yilda boshlangan bo‘lib, qisqa vaqt ichida zamonaviy talablarga javob beradigan 4 qavatli inshoot sifatida to‘liq yakunlangan. Loyihaning umumiy qiymati qariyb 28 milliard so‘mni tashkil etadi.
Yangi yotoqxonada talabalar uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgan. Binodagi xonalar to‘liq jihozlangan bo‘lib, ma’naviyat va ma’rifat xonalari, dam olish hududlari, sanitariya-gigiyena bloklari, oshxonalar ham o‘rin olgan. Shu bilan birga yuqori tezlikdagi internet tarmog‘i ham mavjud. Imkoniyati cheklangan talabalar uchun ham alohida moslashtirilgan xonalar tashkil etilgani e’tiborga molik.
Tadbir davomida ishtirokchilar yangi binoda yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishib, uning amaliy ahamiyatini ta’kidladilar. Yoshlar uchun bunday zamonaviy infratuzilmaning yaratilishi ularning ta’lim olish jarayonidagi yuklamalarini yengillashtirishi va sifatli yashash muhitini ta’minlashi bilan ahamiyatli ekani qayd etildi.
Mazkur yotoqxona mustaqillikning 35 yilligi arafasida foydalanishga topshirilgani bilan ham ramziy ma’noga ega bo‘lib, mamlakatda oliy ta’lim tizimini rivojlantirish va yoshlar uchun qulay sharoitlar yaratishga qaratilgan islohotlarning izchil davom etayotganini ko‘rsatadi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri