Talabalar uchun konferensiya
Toshkent shahridagi Inxa universitetida «Google I/O 2015 Extended UIT» mavzusida konferensiya o‘tkazildi.
Toshkent shahridagi Inxa universitetida «Google I/O 2015 Extended UIT» mavzusida konferensiya o‘tkazildi.
Universitet rektori Sh.Shermatov va boshqalar mamlakatimizda axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining jadal rivojlanayotgani yuqori malakali mutaxassislarga bo‘lgan talabni yanada oshirayotganini ta’kidladi. Universitetda o‘quv jarayoni zamonaviy talablar, jumladan, zamonaviy innovatsion o‘qitish uslublarini joriy qilish hisobga olingan holda tashkil etilgan. Ayniqsa, bu yerda «o‘quv jarayoni – ishlab chiqarish» tamoyilini amalga oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Shu maqsadda universitet axborot-kommunikatsiya sohasidagi ko‘plab yetakchi kompaniyalar bilan hamkorlik qilmoqda. Dunyoda eng yirik qidiruv tizimiga ega «Google» korporatsiyasi ulardan biri. Veb-ishlab chiquvchilar uchun mo‘ljallangan va har yili o‘tkaziladigan global «Google I/O» konferensiyasi ushbu oliy o‘quv yurti talabalarining tashabbusi bilan mamlakatimizda ilk bor tashkil qilindi.
«Google I/O 2015 Extended UIT» konferensiyasi dasturidan qator tadbirlar o‘rin olgan. Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad talabalarni jahonda axborot-kommunikatsiya sohasidagi eng so‘nggi yangilik va innovatsiyalar bilan tanishtirishdir. Universitet foyyesi va koridorlarida o‘rnatilgan stendlarda xorijiy va mamlakatimiz ishlab chiqaruvchilarining eng yangi ilova va gajetlari namoyish etildi.
Tadbirning axborot qismida taqdimot marosimlari o‘tkazildi. Jumladan, «Samsung Electronics» kompaniyasining O‘zbekistondagi vakolatxonasi mutaxassislari «Android» bazasidagi o‘z mahsulotini taqdim etdi, talabalarga kompaniyaga ishga kirish uchun qo‘yiladigan talablar haqida so‘zlab berdi. Mamlakatimiz mutaxassislari esa bozorda talab etilayotgan dasturlash tillari haqida ma’ruzalar qildi.
Tadbirning amaliy qismida dasturlash bo‘yicha sessiyalar, sohaning tajribali mutaxassislari ishtirokida mahorat saboqlari, turli tanlovlar bo‘lib o‘tdi. Tezkor dasturlash tanlovi talabalarda alohida qiziqish uyg‘otdi.
– Bugun konferensiya ishtirokchilari mamlakatimizda axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish masalasiga katta ahamiyat berilayotganiga yana bir bor ishonch hosil qildi, – deydi universitet talabasi Nuriddin Iminoxunov. – Bu yerda sohaga oid eng so‘nggi yangiliklar, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari vakillari bilan tanishdik va eng muhimi, o‘z bilim va ko‘nikmalarimizni boyitdik.