Talabalar turarjoyida nima sodir bo‘ldi?
Odatdagi kunlardan biri. Oliy o‘quv yurti hovlisidagi gavjumlik va bilim olish ishtiyoqida yurgan talabalar o‘z yumushlari bilan band. Ammo kutilmaganda yangragan sirena ovozi hammani hushyor tortishga va tezkor harakat qilishga undadi.
Gap shundaki, Abu Rayhon Beruniy nomidagi Urganch davlat universiteti talabalar turarjoylarida Xorazm viloyat favqulodda vaziyatlar boshqarmasi hamda hamkor tashkilotlar ishtirokida maxsus-taktik o‘quv mashqi o‘tkazildi.
O‘quv mashqining asosiy maqsadi favqulodda vaziyatlarning oldini olish, yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan holatlarda talabalar xavfsizligini ta’minlash va ularning tezkor harakat qilish ko‘nikmalarini mustahkamlashdan iborat bo‘ldi.

Mashg‘ulotlar davomida yong‘in va boshqa favqulodda vaziyatlarda to‘g‘ri harakat qilish, talabalarni xavfsiz hududga tezkor evakuatsiya etish hamda favqulodda vaziyatlar xizmatlari o‘rtasidagi hamkorlikni yanada takomillashtirish bo‘yicha amaliy harakatlar bajarildi.

– Favqulodda vaziyat aytib kelmaydi, – deydi Xorazm viloyat favqulodda vaziyatlar boshqarmasi axborot xizmati rahbari Hojiakbar Rustamov. – Shuning uchun ham har bir soniya va to‘g‘ri qaror inson hayotini saqlab qolishda hal qiluvchi ahamiyatga ega. Bugun Urganch davlat universiteti talabalar turarjoyida o‘tkazilgan amaliy mashg‘ulotda asosiy e’tiborni aynan tezkorlik va to‘g‘ri evakuatsiya jarayoniga qaratdik. Quvonarlisi, talaba-yoshlar hamda universitet mas’ullari mashg‘ulotga juda jiddiy va mas’uliyat bilan yondashishdi. Vahimaga berilmay, belgilangan xavfsizlik qoidalariga rioya qilgan holda binoni tark etish ko‘nikmasini namoyish etdilar.


Jadal va tartibli kechgan o‘quv mashqi talaba-yoshlar uchun ham nazariy, ham amaliy jihatdan muhim mahorat maydoniga aylandi.
Ahmadjon Shokirov,
O‘zA muxbiri