Talabalar sporti – ulkan muvaffaqiyatlar sari
Yangi o‘quv yili boshlanishi bilan yurtimiz oliy ta’lim muassasalarida talabalarni sportga keng jalb etish, ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil qilish hamda iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan musobaqa va ommaviy sport tadbirlari yanada faollashdi.
O‘zbekistonda talaba-yoshlar o‘rtasida sportni ommalashtirish, ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, jismoniy faolligini oshirish hamda iqtidorli sportchilarni qo‘llab-quvvatlash borasidagi ishlar izchil davom etmoqda. Bu jarayonda O‘zbekiston talabalar sporti assotsiatsiyasi hamda oliy ta’lim tashkilotlaridagi sport klublari tomonidan yangi o‘quv yilida qator musobaqalar va ommaviy sport tadbirlari tashkil etilmoqda.
Yangi o‘quv yilining dastlabki kunlaridanoq oliy ta’lim tashkilotlarida talaba-yoshlarni sport hayotiga keng jalb etishga alohida e’tibor qaratildi. «Talabalikka bag‘ishlov» va «Dolzarb 90 kun» tadbirlari doirasida turli sport musobaqalari tashkil etilib, ayniqsa, oliy ta’lim muassasalariga endilikda qabul qilingan birinchi bosqich talabalarining sport bilan muntazam shug‘ullanishi uchun sharoit yaratish ishlari davom ettirilmoqda.
Hususan, Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universiteti Kimyo-metallurgiya fakultetida O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi hamda 20-sentabr — Xalqaro universitet sporti kuni munosabati bilan mini-futbol, stol tennisi, voleybol va tosh ko‘tarish sport turlari bo‘yicha musobaqalar tashkil etildi.
Samarqand davlat pedagogika institutida esa «Yoshlar kuni» munosabati bilan Amaliy fanlar va jismoniy madaniyat fakultetining birinchi bosqich talabalari o‘rtasida stol tennisi va voleybol bo‘yicha bellashuvlar o‘tkazildi. Musobaqalarda yoshlar o‘zlarining jismoniy tayyorgarligi va jamoaviy mahoratini namoyish etib, g‘olib va sovrindorlar munosib taqdirlandi.
Bugungi kunda respublikadagi oliy ta’lim tashkilotlarining sport klublari faoliyatida talaba-yoshlarni muntazam sport mashg‘ulotlariga jalb etish muhim yo‘nalishlardan biriga aylangan. Har hafta payshanba kuni o‘tkaziladigan «Yoshlar kuni» doirasida oliy ta’lim muassasalarining sport klublari tomonidan turli sport musobaqalari tashkil etilmoqda.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan oliy ta’lim muassasalarida professor-o‘qituvchilar, ishchi-xodimlar va talabalar o‘rtasida «Mustaqillik kubogi» sport musobaqalari ham o‘tkazilmoqda.
Yangi o‘quv yilini boshlagan talabalarni oliy ta’lim muassasalarining sport hayoti bilan tanishtirishga ham katta e’tibor berilmoqda. Jumladan, Samarqand davlat chet tillar institutida birinchi bosqich talabalari uchun fakultetlar kesimida tanishtiruv uchrashuvlari tashkil etildi.

Uchrashuvlarda Sport klubining asosiy faoliyat yo‘nalishlari, institutda faoliyat yuritayotgan sport to‘garaklari, mashg‘ulotlar va turli musobaqalar haqida ma’lumot berildi. Talabalarga o‘z qiziqishlariga mos sport turlarini tanlash hamda institutning sport hayotida faol ishtirok etish bo‘yicha tavsiyalar berildi.
Talaba-sportchilar xalqaro maydonda
Talaba-sportchilarning xalqaro musobaqalardagi yutuqlari ham e’tiborga molik.
Vladivostok shahrida 3–4-sentabr kunlari bo‘lib o‘tgan V xalqaro Vladivostok regatasida Guliston davlat pedagogika instituti jismoniy madaniyat yo‘nalishi talabasi, institut Sport klubi a’zosi Basimaxon Sattorova muvaffaqiyatli ishtirok etdi.
Rossiya, Xitoy, O‘zbekiston, Qozog‘iston va boshqa davlatlardan sportchilar qatnashgan musobaqaning grebli-indor yo‘nalishida Basimaxon Sattorova ayollar o‘rtasida 2000 metr masofaga eshkak eshish bahsida birinchi o‘rinni egalladi. Sportchimiz mazkur masofani 7 daqiqa 23,9 soniyada bosib o‘tib, oltin medalga sazovor bo‘ldi.

Shahrisabz davlat pedagogika instituti Ijtimoiy fanlar fakulteti jismoniy madaniyat yo‘nalishi ikkinchi bosqich talabasi Isayev Saidasliddinxon Islom o‘g‘li ham xalqaro musobaqada yurtimiz sharafini munosib himoya qildi.
U Armaniston Respublikasi poytaxti Yerevan shahrida 16–19-iyul kunlari karate bo‘yicha o‘tkazilgan xalqaro turnirda barcha raqiblarini mag‘lub etib, birinchi o‘rinni egalladi va xalqaro turnir chempioni bo‘ldi.
Ommaviy sport tadbirlari qamrovi kengaymoqda
Talaba-yoshlarning ommaviy sport tadbirlaridagi faolligi ham tobora ortib bormoqda.
Nukus shahrida talaba-yoshlar va harbiy xizmatchilar o‘rtasida 3 kilometr masofaga mo‘ljallangan «Silk Road Uzbekistan» va «Talaba yugur» ommaviy yugurish marafoni bo‘lib o‘tdi. Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi oliy ta’lim tashkilotlari talabalari hamda sportsevar yoshlar faol qatnashgan marafonda 4 mingdan ortiq ishtirokchi qatnashdi.
6-sentabr kuni Toshkent shahrida tashkil etilgan Toshkent xalqaro yarim marafoni ham talaba-yoshlar ishtiroki bilan ajralib turdi. Nufuzli sport tadbirida oliy ta’lim tashkilotlaridan 1 ming 636 nafar talaba ishtirok etdi.

Musobaqa doirasida beshta start tashkil etilib, ularda qariyb 24,5 ming nafar ishtirokchi qatnashdi.
Ommaviy yugurish harakati kuzgi mavsumda ham davom etmoqda. Respublikaning 16 ta shahrida o‘tkazilishi belgilangan musobaqalarda talabalar, oliy ta’lim tashkilotlari xodimlari, uyushmagan yoshlar, nogironligi bo‘lgan shaxslar hamda barcha yugurish ishqibozlarining ishtiroki ko‘zda tutilgan.
Ayni paytda 20-sentabr — Xalqaro universitet sporti kuni munosabati bilan respublikamiz oliy ta’lim tashkilotlarida qator sport tadbirlarini tashkil etish ishlari davom etmoqda.
Aholini ommaviy sportga jalb qilish tizimini kengaytirish bo‘yicha Respublika shtabi navbatdagi yig‘ilishida ham «Besh tashabbus olimpiadasi» va «Yangi O‘zbekiston talabalari olimpiadasi» sport musobaqalarini o‘tkazish masalalari muhokama qilindi.

Yig‘ilishda joylarda sport musobaqalarini tizimli tashkil etish, yoshlar qamrovini kengaytirish hamda oliy va professional ta’lim muassasalari talaba hamda o‘quvchilarining ommaviy sportdagi ishtirokini oshirish bilan bog‘liq vazifalar belgilandi.
Xalqaro hamkorlik yangi bosqichda
O‘zbekiston talabalar sportini xalqaro miqyosda rivojlantirish va bu boradagi hamkorlikni kengaytirish yo‘nalishida ham muhim tadbirlar oldinda turibdi.
Xususan, 2026-yil 29-sentabrdan 2-oktabrgacha Xalqaro universitet sporti federatsiyasi — FISU prezidenti Leonz Ederning O‘zbekistonga tashrifi rejalashtirilgan.
Tashrif davomida O‘zbekistonda shakllanayotgan talabalar sportini rivojlantirish modeli, uning tashkiliy mexanizmlari va amaliy natijalari o‘rganilib, mazkur tajribani Markaziy Osiyo davlatlarida joriy etish istiqbollari muhokama qilinadi.
Tashrif doirasida I Markaziy Osiyo talabalar sporti xalqaro forumi o‘tkazilishi ham belgilangan. Unda mintaqada talabalar sportini rivojlantirish, o‘zaro hamkorlikni kengaytirish va ilg‘or tajribalarni ommalashtirish masalalari muhokama qilinadi.
Shuningdek, FISU prezidenti talabalar o‘rtasida o‘tkaziladigan «Besh tashabbus» olimpiadasi sport musobaqalarining tantanali ochilish marosimlarida ishtirok etadi.
Bugungi kunda O‘zbekiston talabalar sporti assotsiatsiyasi tomonidan navbatdagi yirik sport musobaqalarini yuqori saviyada tashkil etishga tayyorgarlik ishlari ham olib borilmoqda.

Jumladan, «Barkamol avlod — 2027» sport musobaqalarini o‘tkazishga tayyorgarlik ko‘rilmoqda. Bu borada musobaqalarning tashkiliy jarayonlarini puxta yo‘lga qo‘yish, ishtirokchilar qamrovini kengaytirish va bellashuvlarni yuqori saviyada tashkil etish bo‘yicha tegishli ishlar amalga oshirilmoqda.
Oliy ta’lim tashkilotlaridagi sport klublari faoliyatini yanada takomillashtirish, talabalarni muntazam sport mashg‘ulotlariga keng jalb etish, ommaviy sport musobaqalarini ko‘paytirish va iqtidorli talaba-sportchilarni qo‘llab-quvvatlash bundan buyon ham ustuvor vazifalardan bo‘lib qoladi.
Yangi o‘quv yilining dastlabki kunlaridanoq boshlangan musobaqalar, xalqaro maydonlarda munosib natijalar qayd etayotgan talaba-sportchilar, ommaviy yugurish tadbirlaridagi keng ishtirok hamda yirik sport musobaqalariga izchil tayyorgarlik mamlakatimizda talabalar sportini rivojlantirish ishlari yangi bosqichda davom etayotganini ko‘rsatmoqda. Bundan keyingi vazifa esa bu jarayonlarni yanada kengaytirish, sport bilan muntazam shug‘ullanuvchi talabalar safini ko‘paytirish va iqtidorli yoshlarning xalqaro maydonlardagi ishtirokini qo‘llab-quvvatlashdan iborat.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA