Talabalar spektakllari muxlislarga manzur bo‘lmoqda (+video)
Andijon shahridagi viloyat Qo‘g‘irchoq teatrida O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti bitiruvchi talabalari tomonidan spektakllar namoyish etilmoqda.
Buyuk davlat arbobi, shoh va shoir Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 541 yilligi sanasi oldidan Andijon shahar hokimligi taklifiga ko‘ra, O‘zbekiston xalq artisti Muhammadali Abduqunduzov rahbarligidagi O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutining bir guruh bitiruvchi talabalari ijodiy safar bilan Andijonda bo‘lib turibdi.
Talabalar tomonidan Abdulhamid Cho‘lponning “Yulduzsiz kechalar” hamda Primqul Qodirovning “Yulduzli tunlar” asarlari asosida ustozlari, professor Muhammadali Abduqunduzov rahbarligida sahnalashtirilgan spektakllar andijonlik teatr ixlosmandlarga namoyish etilmoqda.
– Bo‘lajak san’atkorlar tomonidan namoyish etilgan ulug‘ shoir va sarkarda Bobur haqidagi spektaklni shaxsan men juda maroq bilan tomosha qildim, – deydi O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi a’zosi, shoira Barnoxon Soliyeva. – Har bir rol, ayniqsa, Boburning bolaligi, yigitlik davrlari mahorat bilan ijro etildi, umuman, har bir qahramonning ruhiyati, ichki dunyosi to‘la ochib berildi. Eng asosiysi, spektakldan muxlislar ulkan ma’naviy ozuqa oldi.
Andijonlik teatr muxlislariga manzur bo‘layotgan spektakllar namoyishi 10 fevralga qadar davom etadi.
O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutining Andijonda bo‘lib turgan bitiruvchi talabalari Bobur nomidagi Xalqaro jamoat fondida ham bo‘lishdi. Bu yerda talabalar fond rahbari O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Zokirjon Mashrapov bilan uchrashdi.
Uchrashuvda Zokirjon Mashrapov talabalarga fondning faoliyati, Bobur va boburiylar hayoti va ijodini o‘rganish, keng targ‘ib etish, Bobur ilmiy ekspeditsiyasi safarlari haqida gapirib berdi, ularni qiziqtirgan savollarga javob qaytardi.
Fond rahbari talabalarning o‘qishi va ijodiy ishlarida omadlar tilab, ularga Bobur haqidagi kitoblardan sovg‘a qildi.
- Xaqiqatdan ham Bobur nomidagi Xalqaro jamoat fondi tomonidan xalqimizning boy madaniy merosi, ayniqsa, jahon ilm-fani taraqqiyotiga, munosib hissa qo‘shgan buyuk allomalarimiz shaxsini ulug‘lash, ilmiy merosini, ular qoldirgan bebaho yozma manbalarni o‘rganish, tadqiq etish va tarixiy ahamiyatini jahon jamoatchiligi e’tiboriga ko‘rsatish borasida keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda, – deydi O‘zbekiston xalq artisti, O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti professori Muhammadali Abduqunduzov. – Ishonamanki, bu kabi xayrli ishlar bardavom bo‘ladi, ko‘lami yanada kengayadi. Ana shunday ezgu ishlarning boshida turgan yurtdoshlarimizni, xalqimizni Bobur va boshqa ulug‘ allomalarimizning ruhlari hamisha qo‘llaydi. Ozod va obod mamlakatimiz yanada yuksalaveradi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/MKjwWjMShRE" title="Talabalar spektakllari muxlislarga manzur boʻlmoqda" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>F. Ubaydullayev, Z. Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari