Talabalar modul asosida pedagog bo‘lishi mumkin
2021 yil 1 iyunga qadar A.Avloniy nomidagi ilmiy-tadqiqot instituti hamda xalq ta’limi xodimlari malakasini oshirish hududiy markazlarida pedagogik bo‘lmagan bakalavriat ta’lim yo‘nalishlarida tahsil olayotgan talabalar uchun pedagogik tayyorgarlik modullari joriy etiladi.
Unda modullar bo‘yicha bakalavriatning so‘nggi ikki bosqichida tahsil olayotgan talabalar Xalq ta’limi vazirligining granti va to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga qabul qilinadi.
Modullarni grant asosida o‘zlashtirgan talabalar vazirlik tomonidan 2 yildan kam bo‘lmagan muddatga ishlab berish uchun davlat maktablariga taqsimlanadi. Modullarni o‘zlashtirganlik to‘g‘risidagi sertifikatga ega shaxslarga umumiy o‘rta va professional ta’lim tashkilotlarida pedagogik faoliyat bilan shug‘ullanish huquqi beriladi.
Davlatimiz rahbarining joriy yil 25 yanvarda qabul qilingan “Xalq ta’limi sohasidagi ilmiy-tadqiqot faoliyatini qo‘llab-quvvatlash hamda uzluksiz kasbiy rivojlantirish tizimini joriy qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida ushbu tartib belgilab qo‘yildi.
Qarorga ko‘ra, A.Avloniy nomidagi Xalq ta’limi muammolarini o‘rganish va istiqbollarini belgilash ilmiy-tadqiqot institutida doktorantura, stajirovka hamda to‘lov-kontrakt asosida “Ta’lim menejmenti” va “Kattalar ta’limi” yo‘nalishida bir yillik magistraturada yuqori malakali kadrlar tayyorlanadi.
Xalq ta’limi xodimlarining yetakchi xorijiy ta’lim tashkilotlarida malaka oshirish va stajirovkalari tashkil etiladi. Shuningdek, xalq ta’limi xodimlari malakasini oshirishning muqobil shakllari ro‘yxati tasdiqlanadi va har bitta shaklga to‘g‘ri keladigan akademik soatlar hajmi belgilanadi. Bunda malaka oshirishning muqobil shakllarini o‘zlashtirgan xalq ta’limi xodimlari tegishli shakl uchun belgilangan hajmdagi akademik soatlarni to‘plagan deb hisoblanadi.