Talabalar ijodiy ishlari namoyish etildi
Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida “Yosh nigoh – yangi nafas” mavzuida “Art branch” rassomlar klubining navbatdagi ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi.
Unda talabalar va professor-o‘qituvchilarning eng sara ijodiy ishlari namoyish etildi. Jumladan, ko‘rgazmada jami 13 nafar rassom talabaning 70 dan ortiq asarlari, grafik ishlanmalari, akvarel, moybo‘yoqda ishlangan ijod namunalari havola etildi.


Tadbirda mamlakatimizda yoshlarga oid davlat siyosati sohasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotgani, jumladan, yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning iste’dod va qobiliyatlarini yuksaltirish, mamlakatimiz istiqboli uchun mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishga qodir, tashabbuskor, shijoatli yoshlarni tarbiyalash borasida alohida tizim yaratilgani qayd etildi.


Ta’kidlanganidek, mazkur ko‘rgazmalar yoshlar ijodini qo‘llab-quvvatlash va ularning san’atga bo‘lgan qiziqishini rivojlantirishda muhim ahamiyatga ega. Shuningdek, bu ko‘rgazma talabalarning faqat texnik mahoratini emas, balki ularning ichki dunyosi, qarashlari va jamiyatga bo‘lgan munosabatini ham aks ettiradi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA