Talabalar ham o‘qib, ham ishlash imkoniga ega bo‘ldi
Andijon davlat pedagogika instituti Talabalar shaharchasida Andijon viloyati hokimligi tashabbusi bilan institut hamda Andijon shahridagi “Harir tola” mas’uliyati cheklangan jamiyati hamkorligida “Talabalar” tikuvchilik korxonasi ishga tushirildi.
Mutasaddilar, talabalar, keng jamoatchilik vakillari ishtirokida korxona ochilishiga bag‘ishlangan tadbirda Andijon viloyati hokimi Shuhratbek Abdurahmonov Prezidentimiz tashabbusi bilan talaba yoshlarning o‘qishi, yashashi uchun keng imkoniyatlar yaratib berilayotganini ta’kidladi.
bugungi kunda institutning kunduzgi va kechki bo‘limlarida 19 ta ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha 3 ming 400 nafardan ziyod talaba tahsil oladi. Institut tasarrufidagi talabalar turar joyi hududida tashkil etilgan yangi korxona talaba-yoshlarga hunar o‘rganish bilan birga, qo‘shimcha daromad topish imkonini beradi.
[gallery-8678]
– Korxonada talabalar darsdan bo‘sh vaqtlarida hunar o‘rganishlari, shuningdek, ishlab qo‘shimcha daromad topishlari mumkin bo‘ladi, – deydi Andijon davlat pedagogika instituti rektori Baxtiyorjon Rasulov. – Birinchi bosqichda ishlash ishtiyoqi bo‘lgan 120 nafar talaba qizning bandligi ta’minlangan bo‘lsa, kelgusida korxona faoliyatini rivojlantirish, qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratish hisobiga yana 200 nafar talabaning ishlashi, doimiy daromad topishi uchun imkon yaratiladi.
– Yotoqxonamiz yonida tikuvchilik korxonasi tashkil etilganidan nihoyatda xursandmiz, – deydi Maktabgacha ta’lim yo‘nalishi 1- bosqich talabasi Shalola Nazirova. – Men asli Farg‘ona viloyatidanman. Endi institutda o‘qish bilan birga, darsdan bo‘sh vaqtlarimda ishlash, qo‘shimcha daromad topish imkoniga ham ega bo‘ldim. Biz, yoshlarga keng imkoniyatlar yaratib berilayotgani uchun rahmat aytaman.
Viloyat hokimi tikuvchilik korxonasida ish boshlagan talaba-qizlar bilan suhbatlashdi, talabalarning taklif, fikr-mulohazalarini eshitdi. Muloqot davomida to‘lov-kontrakt asosida talabalikka qabul qilingan 3 nafar talaba-qizning kontrakt puli shu joyning o‘zida to‘lab berildi.
F.Ubaydullayev, Z.Umrzoqov (surat), O‘zA