Talabalar endi ishlash imkoniyatiga ega
Ilm olishning o‘ziga yarasha qiyinchiliklari bor. Talabalikning “oltin davr”ida moliyaviy tomondan muammolarga duch kelmagan yoshlar kam.
Oliy ta’limning muayyan bosqichida tahsil olayotgan yigit-qizlar o‘z mutaxassisligi bo‘yicha ish topishi, kelajagiga poydevor bo‘ladi.
Shu yilning 4 mart kuni Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida oliy o‘quv yurtlari talabalari bandligini ta’minlash bo‘yicha ustuvor vazifalarga bag‘ishlab o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida oliy ta’lim muassasalari oldiga qator topshiriqlar belgilab berildi.
Namangan davlat universitetida ushbu vazifalar ijrosi doirasida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda har bir talabaning oilaviy ahvoli, sharoiti, o‘zlashtirishi, mavjud muammolari, bu borada ilm toliblarining maqsad va takliflari bilan yaqindan tanishish zarurligi qayd etildi.
– Mutasaddilar ishlashga ehtiyoji bor talabalarga yordam beradi, – deydi universitet rektori, professor Sobitxon Turg‘unov. – Yaqin vaqt ichida universitetdagi bo‘sh xona va inshootlar talabalarga bepul ajratiladi. Ularda pullik kurslar, to‘garaklar va boshqa xizmatlar, ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish mumkin. Bu orqali talabalar uchun ish o‘rinlari yaratiladi. Shuningdek, universitetda aholi va tadbirkorlarga pullik xizmatlar ko‘rsatiladi va talabaga qo‘shimcha daromad olish imkoniyati yaratiladi. Bir oy ichida esa talabalar bo‘sh vaqtida ishlab, daromad topishi uchun kovorking markazi tashkil etiladi.
Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan barcha davlat tashkilotlari va muassasalariga talabalarning ishlashi uchun ruxsat berildi. Bu shahardagi maktab va maktabgacha ta’lim muassasalaridagi mavjud bo‘sh ish o‘rinlariga shu mutaxassisliklar bo‘yicha o‘qiyotgan talabalarni ishga joylashish imkonini beradi. Aynan, maktab va bog‘chalardagi mutasaddilar bilan hamkorlikda bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkalarini o‘tkazish talabalarning tezroq ish topishi va joylashishiga yordam beradi.

O‘z navbatida, joriy yilda davlat grantlari hisobidan amalga oshiriladigan ilmiy loyihalarga ko‘proq talabalar jalb qilinadi. Universitetdagi ilmiy loyiha guruhlari tarkibining kamida 40 foizi talabalar hisobidan shakllantiriladi. Universitet qoshida “Kar’era markazi” tashkil qilinadi va ularga 28 nafar talaba jalb etiladi.
Endilikda viloyat va shahar hokimlari bilan birgalikda universitet va xususiy sektor o‘rtasida hamkorlik yo‘lga qo‘yiladi. Viloyatda ish beruvchilar – qo‘shma korxonalar, klasterlar, xususiy sektor vakillari bilan hamkorlikda har oyda bir marta vakansiya va amaliyot yarmarkalari, talabalar uchun biznes uchrashuvlari o‘tkaziladi.
Namangan davlat universitetida “talababay” va “o‘qituvchibay” usulida ish tashkil etiladi. Turli korrupsion holatlar va talaba-yoshlar o‘rtasida jinoyatchilik hamda huquqbuzarliklarning oldini olish bo‘yicha jiddiy profilaktik choralar ko‘riladi. Oilada ota yoki onasiz ulg‘ayayotgan talabalar, o‘zi yoki oila a’zolari “Ayollar daftari”, “Temir daftar” va “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yigit-qizlar moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlanadi. Universitetning mahallalar bilan hamkorligi yanada kuchaytiriladi. Bitiruvchi talabalarning har birini munosib ishga joylashtirish bo‘yicha dastur tuziladi. Iste’dodli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida universitet tomonidan grantlar ajratiladi.
Qolaversa, talabalarning yashash sharoitini yaxshilash maqsadida joriy yilda yangi turar-joy binosi qurib bitkazilishi rejalashtirilmoqda.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA