“Talabalar bahori” festivali
Bayramning ajib onlarini esda qolarli va xursandchilikda o‘tkazish uchun Buxoro davlat pedagogika instituti jamoasi “Talabalar bahori” festivalini o‘tkazdi.
Talaba-yoshlarning bayram tadbiriga turli xil milliy liboslarda chiqishi bahor kelganidan darak berdi. Shuningdek, bir-biridan ajoyib o‘zbek milliy qadriyatlari va an’analari aks etgan dasturlar namoyish etildi.
–Bugun shodlik va ko‘tarinki ruhda raqsga tushayotgan qiz-yigitlar, milliy o‘yinlarni xursandchilik bilan o‘ynayotgan yoshlarni ko‘rib ko‘zimiz quvnamoqda, – deydi Boshlang‘ich ta’lim kafedrasi mudiri Mohinur Saidova. – Milliy bayramimiz bo‘lgan Navro‘zi olam qalblarimizga surur, ko‘ngillarimizga halovat bag‘ishlamoqda. Bahorning kirib kelganini yoshlarning nigohida ham ko‘rish mumkin.
[gallery-16547]
Bir tarafda milliy taomlardan halim va sumalaklar tayyorlanib, sportchi talaba va polvonlar o‘zlarining kurash tushish mahoratlari bilan barchani xursand qilgan bo‘lsa, ikkinchi tarafda milliy qo‘shiqlarni maromida kuylayotgan talaba qiz-yigitlar xonishi barchaga birday yoqdi.
–Institutimizda bu yilgi Navro‘z boshqacha o‘tmoqda, –deydi institut talabasi Farangiz Razzoqova. –Barcha bir-birini samimiy qutlamoqda, ayniqsa, talabalar birlashib, turli o‘yinlarni o‘ynayapmiz. Qolaversa, sumalak, palov, ko‘k somsa kabi milliy taomlarimizni pishirdik. Navro‘z haqiqatdan ham, barchani birdamlikka chorlovchi, yangilanish yasharish bayramidir.
Tadbir so‘nggida “Olam nurga to‘lsin sen bilan Navro‘z!” shiori ostida tashkil etilgan “Talabalar bahori” tanlovi g‘oliblari taqdirlandi. Tanlovda sovrindor deb topilgan fakultet jamoalariga diplom va pul mukofotlari topshirildi.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat),
O‘zA muxbirlari