Talaba yoshlar uchun sport maydonchalari
Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti sport majmuasi qoshida byudjetdan tashqari mablag‘ hisobidan ochiq basketbol va voleybol maydonchalari foydalanishga topshirildi.
Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi o‘rinbosari A.Daniyarov va boshqalar so‘zga chiqib, yig‘ilganlarni yangi sport maydonchalarining foydalanishga topshirilishi bilan qutladi.
Ta’kidlanganidek, davlatimiz rahbari tashabbusi bilan mamlakatimizda jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirishga, sohaning moddiy-texnik bazasini mustahkamlashga, sport bilan shug‘ullanadigan yoshlarni qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Yaratilayotgan mana shunday keng imkoniyatlar natijasida yoshlarimiz jahon va Osiyo chempionatlarida sovrinli o‘rinlarni egallab kelmoqda. Bu borada oliy ta’lim muassasalari talabalari yaxshi natijalarni qo‘lga kiritib kelmoqla. Yangi sport inshootlarining foydalanishga topshirilishi talaba yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilishga, oliy o‘quv yurti miqyosida sport musobaqalarini muntazam o‘tkazishga xizmat qiladi.
–Oliy o‘quv yurtimizda talaba yoshlarning sport bilan shug‘ullanishi uchun barcha sharoitlar yaratilgan, – deydi qilichbozlik bo‘yicha jahon chempionati sovrindori, Osiyo chempioni, jismoniy madaniyat fakulteti talabasi Fozilbek Genjebayev. – Buning uchun Prezidentimizga minnatdorlik bildiramiz.
Tadbir ishtirokchilari universitet sportchilari tomonidan qo‘lga kiritilgan yutuqlari ko‘rgazmasi bilan tanishib, sportchilarning ko‘rgazmali chiqishlarini tomosha qildi.
Dovud ABIBULLAEV, O‘zA