Tajribaga ega bo‘lish har sohada qo‘l keldi
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Bojxona boshqarmasining bir guruh xodimlari Qoraqalpog‘iston Respublikasi prokuraturasida bo‘lib, mazkur tizim faoliyati bilan yaqindan tanishdilar.
Bojxona xodimlari prokuratura tarixi muzeyi hamda kutubxonasida huquqni muhofaza qilish organlarining shakllanish bosqichlari, boy tarixi va tajribasi bilan tanishish imkoniga ega bo‘ldilar. Ayniqsa, prokuratura tergovchilarning nazariy va amaliy bilimlarini mustahkamlash, kasbiy ko‘nikmalarini rivojlantirish maqsadida tashkil etilgan “Tergov poligoni” faoliyati bojxona xodimlarida katta qiziqish uyg‘otdi.

Ushbu poligonda tergov jarayonlarining zamonaviy usullari, dalillar bilan ishlash, voqea joyini ko‘zdan kechirish, tahlil qilish va xolis qaror qabul qilish kabi muhim jihatlar amaliy misollar orqali namoyish etildi. Bu esa ishtirokchilarga o‘z kasbiy faoliyatida qo‘llash mumkin bo‘lgan qimmatli tajriba va bilimlarni taqdim etdi.
Shu bilan birga namoyish etilgan “Tergov — asrlar davomida shakllangan adolat maktabi” nomli video-rolik barchada chuqur taassurot qoldirdi. Unda adolat tamoyillari, tergovning mas’uliyatli va murakkab jarayon ekanligi yorqin misollar bilan yoritib berilgani xodimlar uchun alohida ahamiyatga ega bo‘ldi.

Mazkur jarayon bojxona xodimlarining kasbiy tayanch bilimlarini yanada boyitish, ularning huquqiy ongi va madaniyatini oshirish, shuningdek, idoralararo hamkorlikni mustahkamlashda muhim qadam hisoblanadi.
Dovud Abibullayev, O‘zA