Tajriba o‘z so‘zini aytgan bellashuv
Futbol bo‘yicha O‘zbekiston kubogining nimchorak final bosqichidagi dastlabki uchrashuvlar qizg‘in kechmoqda. Zominda kechgan bahsda Jizzaxning “So‘g‘diyona” jamoasi Qoraqalpog‘iston davlat universiteti talaba-yoshlaridan tuzilgan, Proliga vakili Nukusning “Jayxun” klubini 2:0 hisobida mag‘lub etib, musobaqaning keyingi bosqichiga yo‘l oldi.
Kubok bahslarining o‘ziga xosligi shundaki, unda maydonga chiqqan har bir jamoa uchun raqibning nomi yoki maqomi emas, aynan shu kungi o‘yin taqdiri hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi. Shu ma’noda “Jayxun”ning “So‘g‘diyona”ga qarshi bahsi ham qiziqarli kechishi kutilgan edi. Zero, mehmonlar nimchorak finalgacha bo‘lgan yo‘lni munosib bosib o‘tib, o‘z imkoniyatlarini namoyish etishga muvaffaq bo‘lgan yoshlardan tashkil topgan.
Uchrashuvning birinchi bo‘limida jamoalar ehtiyotkorlikni ustun qo‘ydi. To‘p uchun kurash va maydon markazidagi harakatlar yetarlicha bo‘lgani holda, darvozalar oldida jiddiy xavf tug‘diruvchi vaziyatlar kam kuzatildi. Biroq taym yakuniga yaqin “So‘g‘diyona” hujumlarni tobora kuchaytirib, raqib mudofaasini jiddiy sinovdan o‘tkaza boshladi.


Tanaffusga yaqin mezbonlarning bosimi o‘z samarasini berdi. Standart vaziyatdan so‘ng hisob ochildi. Ikkinchi bo‘limda ham “So‘g‘diyona” tashabbusni qo‘ldan chiqarmadi. “Jayxun” futbolchilari tartibli himoyalanib, qarshi hujumlar orqali raqib darvozasiga tahdid solishga urindi. Ayniqsa, uzoq masofadan yo‘llangan ayrim zarbalar mezbonlar uchun jiddiy xavf tug‘dirishi mumkin edi.
Shunga qaramay, tajriba va ijrochilar mahorati hal qiluvchi omil bo‘ldi. Uchrashuvning har ikki taymi yakuniga yaqin mezbonlar gol urib, yakuniy hisobni 2:0 ko‘rinishiga keltirdi.


Jizzaxliklar bosh murabbiyi Ulug‘bek Baqoyev uchrashuvdan keyingi matbuot anjumanida jamoasining g‘alabasini, avvalo, futbolchilarning intilishi bilan bog‘ladi.
— O‘yindan oldin yigitlarga har qanday raqibga hurmat bilan munosabatda bo‘lish kerakligini aytdik. Kim bilan o‘ynashimizdan qat’i nazar, barcha raqibga birdek hurmat bilan qarashimiz lozim. Bugungi bahsda ham dastlab ehtiyotkor o‘ynadik, keyinchalik hujumlarni kuchaytirib, muhim gollarni kiritdik. Yigitlarga g‘alaba uchun minnatdorchilik bildiraman. Endi bor e’tiborimizni Superliganing navbatdagi turiga tayyorgarlikka qaratamiz, — dedi murabbiy.


Ulug‘bek Baqoyev “Jayxun”ning o‘yiniga ham ijobiy baho berib, bu jamoa safidan kelajakda yuqori darajadagi futbolchilar yetishib chiqishi mumkinligini ta’kidladi.
Mehmonlar bosh murabbiyi Aybek Nurbayev esa uchrashuvda tajriba hal qiluvchi ahamiyat kasb etganini qayd etdi.
— Avvalo, Jizzax ahlini va “So‘g‘diyona” muxlislarini g‘alaba bilan tabriklayman. Raqib keyingi bosqichda ham omadli ishtirok etishini tilayman. Biz o‘yinga yaxshi tayyorgarlik ko‘rgandik. Biroq “So‘g‘diyona” Superliga jamoasi sifatida tajriba va saviya borasida ustunlikka ega. Biz raqib xatosidan foydalanishga harakat qildik. O‘ylaymanki, yigitlar yomon o‘ynashmadi, aksincha, o‘zlari istagan futbolni namoyish etishga harakat qildi. Ammo har ikki taym oxirida hushyorlikni bir oz yo‘qotganimiz raqibning gollariga sabab bo‘ldi. Hujumlarni yakuniga yetkazishda esa ozgina omad yetishmadi, — dedi u.


Shunday qilib, “So‘g‘diyona” O‘zbekiston kubogidagi navbatdagi to‘siqdan ishonchli o‘tib, chorak final sari yo‘l oldi. “Jayxun” uchun esa bu uchrashuv mag‘lubiyat bilan yakunlangan bo‘lsa-da, musobaqa ularning katta futbol sari dadil qadam tashlayotganini yana bir bor ko‘rsatdi. Zero, kubok bahslarida ba’zan hisobdan ham muhimroq narsa — tajriba orttirish, o‘z kuchiga ishonch hosil qilish va katta maqsadlar sari intilishdir.
“So‘g‘diyona”dan tashqari chorak final bosqichiga, “Paxtakor”ni musobaqadan chiqarib yuborgan “Neftchi”, “Nasaf”ni keyingi bosqichdan mahrum etgan “Navbahor” va kutilmaganda “Surxon”ni mag‘lub etgan, birinchi liga vakili Sirdaryo viloyatining “Guliston” jamoasi ham yo‘l oldi.
Chorak finalning yana 4 ta ishtiokchisi 15 – 16-sentabr kunlari o‘tadigan o‘yinlardan so‘ng ma’lum bo‘ladi.
Abdujalol Qayumov, O‘zA muxbiri