Tafakkur, sabr va strategiyani bir maydonda sinagan musobaqa
Shaxmatni bejizga tafakkur, sabr va strategiya maktabi deb atashmaydi. Unda g‘alaba faqat yurishlarni bilish bilan emas, har bir qadamni oldindan hisoblash, vaziyatni to‘g‘ri baholash va eng muhimi, shoshilmasdan qaror qabul qilish bilan qo‘lga kiritiladi.
Sirdaryo viloyatining Yoshlar markazida ana shu jihatlarni o‘zida mujassam etgan sportning shaxmat turi bo‘yicha Sirdaryo viloyati ochiq chempionati o‘tkazildi.
Musobaqada 7 yoshdan 70 yoshgacha bo‘lgan shaxmat ixlosmandlari ishtirok etib, o‘zlarining aqliy salohiyati va shaxmat taxtasidagi mahoratini namoyish etdi. Turnir Shveytsarcha tizimda 9 tur davomida tashkil etildi.
Chempionatda Sirdaryo viloyatining barcha tuman va shaharlaridan tashrif buyurgan sportchilar bilan bir qatorda, Toshkent viloyati shaxmat jamoasi vakillari ham ishtirok etishdi. Turli hududlardan kelgan shaxmatchilarning bir maydonda bellashishi musobaqaning raqobatbardoshligi va qiziqarli o‘tishini ta’minladi.

Shaxmat taxtasi atrofida esa turli avlod vakillari jam bo‘ldi. Yosh ishtirokchilar bilan bir qatorda katta avlod vakillarining ham bellashuvlarda faol ishtirok etgani musobaqaning o‘ziga xos jihatlaridan biri bo‘ldi. Bu holat shaxmatning yosh tanlamaydigan, insonni fikrlashga va doimo izlanishga undaydigan sport turi ekanini yana bir bor ko‘rsatdi.

Bellashuvlar davomida ishtirokchilar mantiqiy fikrlash, strategik yondashuv, sabr-toqat va vaziyatdan kelib chiqib to‘g‘ri qaror qabul qilish borasida o‘z mahoratlarini namoyon etishdi. Har bir partiyadagi keskin vaziyatlar, kutilmagan yurishlar va so‘nggi daqiqalargacha davom etgan bahslar ishtirokchilardan yuksak diqqat va matonat talab qildi.
Musobaqa yakuniga ko‘ra, o‘g‘il bolalar o‘rtasidagi bahslarda Abdug‘ani Ochilov birinchi o‘rinni egalladi. Jamshid Shodiqulov ikkinchi, Akbarshoh Ochilov esa uchinchi o‘ringa sazovor bo‘ldi.
Qizlar o‘rtasida Sarvinoz Orziqulova chempionlikni qo‘lga kiritdi. Iroda Jumayeva ikkinchi, Marhabo Rahmatullayeva uchinchi o‘rinni egalladi.
Musobaqada ishtirokchilarning yoshi va shaxmatga bo‘lgan qiziqishi inobatga olinib, bir qator maxsus nominatsiyalar bo‘yicha ham g‘oliblar aniqlandi. Jumladan, “Yoshi eng katta ishtirokchi” nominatsiyasida Mamadali Saydaliyev, “Eng yosh ishtirokchi” nominatsiyasida esa Abdulloh Anarboyev g‘olib deb topildi.
Musobaqa yakunida g‘olib va sovrindorlar munosib rag‘batlantirildi. Ularga Sirdaryo viloyati sport boshqarmasi hamda viloyat shaxmat federatsiyasining diplom va esdalik sovg‘alari topshirildi.

E’tiborlisi, bunday musobaqalar nafaqat g‘oliblarni aniqlash, balki shaxmatni ommalashtirish, yoshlar orasida ushbu sport turiga qiziqishni kuchaytirish, iqtidorli shaxmatchilarni saralab olish va ularning mahoratini yanada oshirish uchun muhim maydon vazifasini o‘taydi.

Zero, shaxmat taxtasida qilingan har bir yurish insonni fikrlashga, vazminlikka va mas’uliyat bilan qaror qabul qilishga o‘rgatadi. Sirdaryodagi ochiq chempionat esa ana shu fazilatlarni o‘zida mujassam etgan yangi avlod shaxmatchilarini kashf etish yo‘lidagi yana bir muhim qadam bo‘ldi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri