Taekvondochilarimiz Rim Gran-prisida ikkita bronza medaliga sazovor bo‘ldi
Italiya poytaxtida o‘tayotgan Rim xalqaro Gran-prisi musobaqasining ikkinchi kuni O‘zbekiston terma jamoasi uchun muvaffaqiyatli o‘tdi.
Jumladan, +80 kilogramm vazn toifasida bahs olib borgan Marat Mavlonov yarim finalgacha yetib borib, musobaqani bronza medali bilan yakunladi. Ushbu vaznda oltin medal rossiyalik Rafail Ayukayevga nasib etgan bo‘lsa, kumush medalni italiyalik Simone Alessio qo‘lga kiritdi. Yana bir bronza medali janubiy koreyalik Sanxyon Kan hisobiga yozildi.
-68 kilogramm vazn toifasida esa Najmiddin Qosimxo‘jayev shohsupaning uchinchi pog‘onasidan joy oldi. Turkiyalik Erer Berkay chempionlikni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, rossiyalik Amir Vikov ikkinchi o‘rinni egalladi. Burkina-Faso vakili Ibrohim Mayga ham bronza medali sohibiga aylandi.
Rim Gran-prisining so‘nggi, uchinchi kunida mamlakatimiz sharafini faqat bir nafar sportchi himoya qiladi. 58 kilogramm vazn toifasida Jahongir Xudoyberdiyev tatamiga chiqadi. Bellashuvlar 7-iyun kuni soat 12:00 da start oladi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA