Taekvondo WT: Seulda o‘tgan xalqaro turnirda muvaffaqiyatga erishildi
Janubiy Koreya poytaxti Seulda taekvondo WT bo‘yicha "Kim Un Yong Cup" G1 yoshlar turnirida mamlakatimiz sportchilari munosib natijalarni qayd etdi.
20 ga yaqin davlatning 450 nafardan ziyod taekvondochi yoshlari ishtirok etgan bahslarda mamlakatimiz vakillari 4 ta oltin, 3 ta bronza medalga sazovor bo‘ldi.
Yettinchi bor tashkil etilgan xalqaro musobaqada yurtimiz taekvondochilaridan Bekzod Yo‘ldoshev, Ruxshona Erkinova, Gulyora Oripjonova va Esmira Murodova o‘z vazn toifalarida oltin, Zebo Mirzabdurahimova, Mardona Husniddinova, Go‘zalxon Abdurahmonova bronza medallarini qo‘lga kiritdi.
Eslatib o‘tamiz, "Kim Un Yong Cup" xalqaro turnirida qatnashgan terma jamoamiz asosini namanganlik taekvondochilar tashkil etdi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA