Tadbirkorning mulkidan taqiq olib tashlandi
Biznes ombudsman tadbirkorlar faoliyatidagi noqonuniy tekshiruvlar, asossiz aralashuvlarning oldini olish bo‘yicha muayyan ishlarni amalga oshirmoqda.
Xususan, tashkilot 7 yillik faoliyati davomida tadbirkorlarning 39 mingdan ortiq murojaatlarini ko‘rib chiqdi va bu davrda tadbirkorlar foydasiga 300 milliard so‘mga yaqin mablag‘ qaytarilishiga erishdi.
Shunga ko‘ra, Biznes ombudsmanga Andijon shahrida faoliyat yurituvchi "Ikrom" MCHJ (nomi o‘zgartirilgan) "Mikrokreditbank" ATB Andijon viloyat hududiy boshqarmasi tomonidan jamiyat mulkiga qo‘yilgan taqiq olib tashlanishida yordam so‘rab, murojaat yo‘lladi.
Aniqlanishicha, tadbirkor bank tomonidan berilgan kredit mablag‘larini to‘liq qaytargan bo‘lsada, qariyb ikki oy davomida bankka bir necha marotaba murojaat qilishiga qaramay, uning masalasi ijobiy yechimini topmagan.
O‘rganish yakunlariga ko‘ra, tadbirkorga tegishli ikkita avtomashina elektron ma’lumotlar banki orqali taqiqdan chiqarildi.
Ma’lumki, Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 22 avgustdagi 468-son qarori bilan tasdiqlangan nizomga muvofiq, agar kredit yoki qarz to‘liq qaytarilgan bo‘lsa, bank yoki boshqa kredit tashkiloti mol-mulkdan taqiqni olib tashlashi va bu haqda elektron ma’lumotlar bankiga ma’lumot kiritishi shart.
Gulnoza Boboyeva,
O‘zA