Tadbirkorlikka yo‘l ochgan imkoniyat
FOTOREPORTAJ
Navoiy shahridagi Zarafshon mahallasida yashovchi Vahobovlar oilasining temirchilik yo‘nalishida yo‘lga qo‘ygan faoliyati hunarni tadbirkorlikka aylantirish va yangi ish o‘rinlari yaratishga xizmat qilmoqda.
2026-yil fevral oyi boshida «Biznesni rivojlantirish banki» mahalla bankiri tomonidan mahalladagi kam ta’minlangan va ishsiz yosh oilalar bilan suhbatlar o‘tkazildi. Unda Vahobovlar oilasida temirchilik hunari borligi, biroq faoliyatni yo‘lga qo‘yish va rivojlantirish uchun moliyaviy ko‘mak zarurligi aniqlandi.
Oilaning tadbirkorlik g‘oyasini amaliy loyihaga aylantirish maqsadida Marjona Norpo‘latovaning o‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida faoliyat yuritishi uchun «Mahalla loyiha» dasturi doirasida 60 million so‘m kredit mablag‘i ajratilishiga ko‘maklashildi.
[gallery-30922]
Oila a’zolari ushbu imkoniyatdan samarali foydalanib, temirchilik faoliyatini yo‘lga qo‘ydi. Qisqa vaqt ichida ish hajmining ortishi va zamonaviy uskunalarga ehtiyoj paydo bo‘lishi biznesni kengaytirishga zamin yaratdi.
Shu tariqa Marjona Norpo‘latova faoliyatini jismoniy shaxs sifatidagi tadbirkorlikdan yuridik shaxs – «VOKHIDOFF TECHNO» mas’uliyati cheklangan jamiyatiga aylantirdi.
Korxona faoliyatini kengaytirish maqsadida bankning «Hamroh ayol» dasturi doirasida 100 million so‘m miqdorida garovsiz kredit rasmiylashtirilishiga mahalla bankiri tomonidan amaliy yordam ko‘rsatildi.
Bugun oilaviy tadbirkorlik faoliyati barqaror biznesga aylanib, oila daromadini oshirish bilan birga, boshqa fuqarolarni ish bilan ta’minlash imkonini ham bermoqda.
Ayni paytda korxonada 15 nafar ishsiz fuqaro doimiy mehnat qilmoqda.
Vahobovlar oilasi tajribasi hunar va tadbirkorlik g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash orqali yangi ish o‘rinlari yaratish hamda aholi daromadlarini oshirish mumkinligini ko‘rsatmoqda.
Siroj ASLONOV (surat), O‘zA