Tadbirkorlik – halol mehnat hosilasi
Prezidentimiz rahnamoligida xalq badiiy hunarmandchiligi va oilaviy biznesni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilib, keng sharoit va imkoniyatlar yaratilmoqda.
Prezidentimiz rahnamoligida xalq badiiy hunarmandchiligi va oilaviy biznesni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilib, keng sharoit va imkoniyatlar yaratilmoqda.Qulay biznes-muhit shakllangan, zarur imtiyoz va preferensiyalar tizimi yaratilgan, o‘z ishini yuritayotgan oilalar huquq va manfaatlarini himoya qilishni kafolatlaydigan “Oilaviy tadbirkorlik to‘g‘risida”gi qonun qabul qilingan. Bu, o‘z navbatida, jamiyatimizning asosiy bo‘g‘ini bo‘lmish oilalar farovonligi va mustahkamligining muhim omili bo‘lib xizmat qilayotir.
Namangan viloyatining Uchqo‘rg‘on tumanida tashkil etilgan “Sadaf mebellari” oilaviy korxonasida tayyorlanayotgan mebellar mahalliy bozorda xaridorgir.
2013-yilda faoliyat boshlagan korxonada ishlab chiqarilayotgan stol, stul, shkaf, divan kabi yigirma besh turdagi zamonaviy mebellar sifati, ko‘rkamligi bilan xorij mahsulotlaridan aslo qolishmaydi. Shu bois viloyatdagi maktab va maktabgacha ta’lim muassasalaridan ko‘plab buyurtmalar kelib tushmoqda. Yaqinda viloyatda o‘tkazilgan sanoat yarmarkasida ushbu korxona ta’lim muassasalari bilan 156 million so‘mlik shartnoma imzoladi.
– Ayni paytda oyiga 20 million so‘mlikdan ziyod mahsulot tayyorlashga muvaffaq bo‘lmoqdamiz, – deydi korxona rahbari H.Tillaboyeva. – Talabga yarasha taklif bilan chiqish maqsadida ishlab chiqarishni texnologik jihatdan yangilash harakatini boshladik. Loyiha nihoyasiga yetgach, mahsulot tayyorlash hajmi hozirgiga nisbatan uch-to‘rt barobar ortadi. Qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratiladi.