Tadbirkorlik faoliyati kengaymoqda
Jizzax viloyatida joriy yilning oʻtgan davrida 1 ming 800 dan ortiq kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyekti tashkil etildi.
Jizzax viloyatida joriy yilning oʻtgan davrida 1 ming 800 dan ortiq kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyekti tashkil etildi. Ularning qariyb 76 foizi qishloqlarda joylashgan.
Viloyatning eng olis hududlaridan biri – Yangiobod tumanida tadbirkorlik yaqin yillargacha boshqa joylarga qaraganda ancha sust rivojlanayotgan edi. Joriy yilda mahallalarda uyma-uy yurib, oilalar sharoitini oʻrganish, targʻibot ishlarini olib borish davomida toʻqqiz yuzga yaqin xonadon egasining bankdan kredit olib, tadbirkorlik faoliyatini boshlash istagi borligi aniqlandi. Natijada asalarichilik yoʻnalishida 20, bogʻdorchilik boʻyicha 2, issiqxona qurish uchun 14, tikuvchilik sexi ochish uchun 2, chorvachilik yoʻnalishida 100 nafardan ziyod fuqaroga tadbirkorlik faoliyatini yoʻlga qoʻyish uchun banklar tomonidan kredit mablagʻlari ajratildi.
– Koʻp yillardan buyon tikuvchilik bilan shugʻullanaman, biroq faoliyatimni kengaytirishga mablagʻ yetishmayotgan edi, – deydi Savot qishlogʻida yashovchi tadbirkor Muharram Mirsaidova. – Viloyat, tuman rahbarlari ishtirokida oʻtkazilgan sayyor qabulda shu masala boʻyicha murojaatimdan soʻng tikuvchilik sexi barpo etishimga yordam koʻrsatildi. Tijorat bankidan 100 million soʻm kredit ajratilishi ish boshlashimga zamin yaratdi.
Aholini tadbirkorlik sohasiga jalb etish izchil davom ettirilayotgani oʻz samarasini berayotir. Qishloqlarda yangi ishlab chiqarish, xizmat koʻrsatish subyektlari paydo boʻlishi bilan yangi ish oʻrinlari yaratilmoqda. Ayni paytda viloyatda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning bandlikdagi ulushi 82 foizni tashkil etmoqda.
Maʼlumotlarga koʻra, viloyatda amalga oshirilgan qurilish ishlarining 97 foizi kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari tomonidan bajarilgan. Bundan tashqari, ushbu toifa tadbirkorlik subyektlari tomonidan 1 trillion 400 milliard 600 million soʻmlik sanoat mahsulotlari ishlab chiqarilgan.
Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlarining savdo va xizmat koʻrsatish sohalaridagi ulushi ham ortib borayotir. Yilning oʻtgan davrida chakana tovar aylanmasining 2 trillion 898 milliard 300 million soʻmi yoki 92,2 foizi tadbirkorlik subyektlari ulushiga toʻgʻri keldi. Shuningdek, 1 trillion 551 milliard 500 million soʻmlik yoki barcha xizmatlarning 68,3 foizi kichik biznes va xususiy tadbirkorlar tomonidan amalga oshirildi.
Kichik biznes va xususiy tadbirkorlikka keng erkinlik berish, ularni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, faoliyatiga aralashuvni tubdan qisqartish, huquqbuzarliklarning barvaqt oldi olinishiga qaratilgan ishlar sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarilmoqda. Buni erishilayotgan natijalar koʻrsatib turibdi.