Tadbirkorlar ko‘paysa, ish o‘rni ham ortadi
Bugungi kunda mamlakatimizda tadbirkorlik sohasida ko‘plab muammolar tizimli hal etilib, biznes yuritishni soddalashtirish, soliq yukini kamaytirish, yangi loyihalarni amalga oshirish uchun qulay moliyalashtirish va infratuzilma yaratish bo‘yicha ko‘plab ishlar amalga oshirilmoqda.
Bugun Savdo-sanoat palatasi, Biznes-ombudsman, Soliq qo‘mitasi vakillari ishtirokida “Men – tadbirkorman” mavzusida tadbir tashkil etilib, ayni yo‘nalishdagi masalalar bo‘yicha fikr-mulohazalar bildirildi.
Sohada bir necha yillar oldin kredit, bozor topish, infratuzilma bilan bog‘liq muammolar, tinimsiz “tekshir-tekshirlar” sababli, 60 foiz yangi tadbirkorlar faoliyati birinchi yildayoq to‘xtab qolardi. Bugungi kunga kelib, uch yildan ortiq ishlayotgan korxonalar ulushi 76 foizni tashkil etyapti.

Darhaqiqat, tadbirkorlar ko‘paysa, ish o‘rni ham ortadi, ishlab chiqarish kengayadi, turmush farovon bo‘ladi. O‘zbekistonda 2024 yil 1 fevraldan boshlab tadbirkorlik sub’ektlarining barqarorlik reytingi joriy etildi. Unga ko‘ra, reyting ko‘rsatkichi yuqori korxonalarga qator imtiyozlar berilishi ko‘zda tutilgan. Bu tizim bugungi kunda qanday ishlamoqda?
O‘tgan yili ham, joriy yilda ham mamlakatimizda xizmatlar sohasini rivojlantirish eng asosiy masalalardan biri bo‘lib turibdi. Yirik tadbirkorlik sub’ektlariga bu borada qanday soliq yangiliklari bo‘lishi kutilmoqda? O‘zbekistonda biznes ochish yoki sarmoya qilish uchun eng katta qiyinchiliklar va to‘siqlar qayerda ko‘zga tashlanadi?
Shu kabi bir qator muhim savollarga mutaxassislar tadbirda o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi.
"Debat xoll" media markazda bo‘lib o‘tgan tadbirda ekspertlar xorijiy valyutalar haqidagi turli mish-mishlarga ham izoh berib o‘tdi. Jumladan, Soliq qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Mubin Mirzayev “Dollar sinishi kabi gaplarda hech qanday asos yo‘q. Bunday ma’lumotlarga ishonib qo‘ymasligi kerak”, deya fikr bildirdi.
Shuningdek, Biznes-ombudsman vakilining o‘rinbosari Jamshid Urunov “Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish bilan O‘zbekiston mahsulotlarini dunyo davlatlariga sotishda imkoniyatlar kengayadi”, deya xalqaro maydonda tadbirkorlar uchun yaratilishi mumkin bo‘lgan imkoniyatlar xususida ma’lumot berdi.
M.Hojiakbarova, O‘zA