Tadbirkorlar huquqi davlat himoyasida
Poytaxtimizda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil – Biznes-ombudsman tomonidan “Zamonaviy tadbirkor – yangi O‘zbekistonning tayanchi” mavzuida ochiq muloqot o‘tkazildi.
Adliya vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi huzuridagi Tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi, Savdo-sanoat palatasi va Markaziy bank vakillari ishtirok etgan tadbirda so‘nggi 4 yil davomida tadbirkorlarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish sohasida Biznes-ombudsman tomonidan amalga oshirilgan ishlar yuzasidan hisobot berildi.
Xususan, tadbirkorlik faoliyatida o‘tkaziladigan tekshiruvlar qonuniyligi ustidan monitoringni amalga oshirishda joriy yilning yanvar-aprel oylari davomida huquqbuzarlikka yo‘l qo‘ygan nazorat organlarining 366 nafar mansabdor shaxsiga nisbatan ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirilganligi, 60 nafariga intizomiy jazo choralari qo‘llanilganligi va 6 nafari egallab turgan lavozimidan ozod etilganligi ta’kidlandi.
Shuningdek, tadbirkorlarning murojaatlari asosida 2019 yildan bugungi kungacha 2 ming 668 ta ta’sir chorasi qo‘llanilganligi ta’kidlandi. Natijada 811 nafar mas’ul shaxs intizomiy va 1 ming 140 nafari ma’muriy javobgarlikka tortilganligi, davlat va nazorat qiluvchi organlarining 860 ta noqonuniy qarori bekor qilinganligi aytildi.
Tadbirda tadbirkorlik sohasidagi davlat organlarining vakillari tomonidan ushbu yo‘nalishda amalga oshirilgan ishlar yuzasidan hisobotlar tinglandi va tegishli xulosalar ma’lum qilindi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA