Tadbirkorga noto‘g‘ri hisoblangan bir milliarddan ortiq qarzdorlik bekor qilindi
O‘zbekistonda tadbirkorlik sub’ektlarining qonuniy manfaatlarini himoya qilish va ularning faoliyatiga asossiz aralashuvlarning oldini olish borasida tizimli ishlar davom ettirilmoqda. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Biznes-ombudsman devoni tomonidan Sirdaryo viloyatida faoliyat yurituvchi tadbirkorlik sub’ektlaridan birining huquqlari tiklandi.
Xususan, Sirdaryo viloyatida faoliyat yurituvchi «S.G.F.» MCHJ rahbari katta miqdorda hisoblangan yer solig‘i, penya va moliyaviy jarimani bekor qilishda amaliy yordam so‘rab Biznes-ombudsmanga murojaat qildi.
Aniqlanishicha, 2023-yilda tadbirkorga tegishli yer maydoni Mirzaobod tumani hokimligi zaxirasiga qaytarilgan. Kadastr bo‘limida ushbu yerning kadastr raqami tizimdan olib tashlangan bo‘lsa-da, eski tizimda qolib ketgani sababli MCHJga 1,3 milliard so‘m noto‘g‘ri soliq hisoblangan.
Guliston shahar soliq inspeksiyasi tomonidan o‘tkazilgan soliq auditi natijasiga ko‘ra, ushbu summaning 2023–2024-yillar uchun 645,3 million so‘mlik qismi bo‘yicha qo‘shimcha yer solig‘i, 129 million so‘mdan ortiq moliyaviy jarima hamda tegishli penya to‘lash majburiyati qoldirilgan.
Ammo amalda, jamiyatga ajratilgan 11,2 gektar yer maydoni bo‘yicha hokim qarori sud tomonidan 2023-yilning noyabr oyidayoq bekor qilinib, yer maydoni tuman zaxirasiga qaytarib olingan edi. Kadastr bazasida ushbu ma’lumotlarni qayd etishdagi texnik kechikishlar sababli avtomatik ravishda yer solig‘i hisoblash davom ettirilgan.
Biznes-ombudsman devoni tadbirkor manfaatini himoya qilib, Guliston tumanlararo ma’muriy sudiga da’vo arizasi kiritdi. Sudning hal qiluv qarori bilan soliq inspeksiyasining qarori haqiqiy emas deb topildi.
Shuningdek, Davlat kadastrlari palatasi tomonidan ushbu yer maydoni belgilangan tartibda hisobdan chiqarildi hamda dasturga noto‘g‘ri biriktirilgani sababli soliq organi tomonidan MCHJga nisbatan qo‘yilgan barcha taqiqlar bekor qilindi.
Gulnoza Boboyeva,
O‘zA