Tadbirkorga ishonch — iqtisodiyotga yangi imkoniyat
Tadbirkorlikni rivojlantirish haqida gap ketganda, ko‘pincha kredit, imtiyoz yoki soliq yengilligi tilga olinadi. Aslida, biznesning barqaror ishlashi uchun yana bir muhim shart bor. Bu ham bo‘lsa tadbirkor o‘z faoliyatini qonun doirasida erkin yurita olishi, ortiqcha tekshiruv va ma’muriy to‘siqlardan himoyalangan bo‘lishi kerak.
2026-yil 27-avgustda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PF-175-son farmoni ana shu masalalarni qamrab olgan. Hujjatda tadbirkorlar bilan VI ochiq muloqotda va unga tayyorgarlik jarayonida kelib tushgan 14 mingga yaqin murojaatda ko‘tarilgan tizimli muammolarni hal etishga qaratilgan choralar belgilangan.
Farmonning ahamiyati shundaki, unda tadbirkorga “qanday yordam berish kerak?” degan savol bilan bir qatorda, “uning ishiga nima xalaqit bermoqda va bu to‘siqni qanday bartaraf etish mumkin?” degan masalaga ham aniq javoblar berilgan.
Bugun kichik korxona egasi uchun ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishning o‘zi yetarli emas. U mahsulotini sotishi, xodimlariga ish haqi to‘lashi, soliq majburiyatlarini bajarishi, elektr energiyasi va gaz xarajatlarini qoplashi, bozorda raqobat qilishi kerak. Shu jarayonlarning har birida ortiqcha hujjatbozlik, asossiz tekshiruv yoki moliyaviy to‘siq paydo bo‘lsa, buning ta’siri faqat bir tadbirkor bilan cheklanib qolmaydi. Ishlab chiqarish hajmi, yangi ish o‘rinlari, iste’molchiga taklif etilayotgan mahsulot va xizmatlar miqdori ham bundan ta’sirlanadi.
Shu bois farmondagi dastlabki muhim yangiliklardan biri — kichik tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatini har qanday tekshirishga uch yil muddatga moratoriy joriy etilgani. Bundan jinoyat ishi doirasidagi, inson sog‘lig‘iga ta’sirini o‘rganish, mehnat qonunchiligiga rioya etilishini tekshirish, fuqarolar murojaatlari, qo‘shilgan qiymat solig‘ini qaytarish hamda tadbirkorlik sub’ekti tugatilishi munosabati bilan o‘tkaziladigan tekshiruvlar mustasno qilingan. Moratoriy davrida kichik tadbirkorlik sub’ektlarini noqonuniy tekshirish huquqbuzarlik hisoblanadi.
Buning mazmunini oddiy misolda ko‘rish mumkin. Aytaylik, mahalladagi kichik novvoyxona o‘z vaqtida soliq to‘lab, sanitariya va mehnat talablariga rioya qilib ishlayapti. Uning egasi har kuni un xaridi, ish haqi, elektr energiyasi va mahsulot sotuvi bilan bog‘liq masalalarni hal qiladi. Endi u qonunga muvofiq ishlayotgani holda, asossiz tekshiruv tufayli ish jarayoni buzilib qolishidan xavotir olmasligi kerak. Biroq bu novvoyxonada sanitariya yoki mehnat xavfsizligi bilan bog‘liq jiddiy masala yuzaga kelsa, tegishli nazorat choralari qo‘llanishi mumkin.
Demak, moratoriy davlat nazoratini qonuniy va asosli tarzda amalga oshirishga qaratilgan. Bu yondashuv tadbirkorga ishonchni kuchaytirish bilan birga, davlat nazoratining mas’uliyatini ham oshiradi.
Farmonda yana bir muhim qoida belgilangan. 2027-yil 1-yanvardan boshlab tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatida bir yil davomida o‘tkaziladigan har qanday takroriy tekshiruv Biznes-ombudsman ruxsati bilan amalga oshiriladi. Kameral soliq tekshiruvi bundan mustasno.
Shu sanadan “Birinchi xato uchun — ogohlantirish” qoidasi ham joriy etiladi. Birinchi marta qoida buzgan, biroq fuqarolar hayoti va sog‘lig‘iga yoki o‘zgalar mulkiga zarar yetkazmagan tadbirkorga jarima qo‘llashdan oldin kamchilikni bartaraf etish uchun o‘n kun muddat beriladi.
Masalan, kichik tikuvchilik sexi hisobotida texnik xatoga yo‘l qo‘yildi. Agar bu xato hech kimga zarar yetkazmagan bo‘lsa, tadbirkorga uni tuzatish imkoniyati berilishi adolatli yondashuvdir. Chunki qonunga rioya qilishni ta’minlashning eng to‘g‘ri yo‘li har bir xatoni darhol jarima bilan jazolashdan ko‘ra, kamchilikni bartaraf etishga sharoit yaratishdan boshlanadi. Albatta, bu qoida xavfsizlikka tahdid soladigan yoki boshqalarga zarar yetkazadigan holatlarga taalluqli emas.
Farmondagi “Ikkinchi imkon” iqtisodiy amnistiyasi ham tadbirkorlar hayotida sezilarli ahamiyat kasb etishi mumkin. Unga ko‘ra, kichik va o‘rta tadbirkorlik sub’ektlariga 2026-yil 31-dekabrga qadar muayyan soliq qarzdorliklarini tartibga solish imkoniyati beriladi. Jumladan, amnistiya e’lon qilingunga qadar yuzaga kelgan soliq qarzi to‘liq to‘lansa, ushbu qarzdorlik bo‘yicha hisoblangan penya hisobdan chiqariladi. Ilgarigi soliq hisobotlariga mustaqil ravishda tuzatish kiritilib, qo‘shimcha hisoblangan soliq to‘langanda ham penya hisoblanmaydi.
Mazkur tartib 2027-yil 1-yanvar holatiga soliq qarzi mavjud bo‘lmasligi sharti bilan qo‘llanadi. Shu jihatdan, amnistiya tadbirkorga majburiyatlarini tartibga solish uchun aniq muddat va huquqiy imkoniyat beradi.
Tasavvur qilaylik, kichik korxonada hisobot yuritishda yo‘l qo‘yilgan xatolar tufayli soliq qarzi to‘planib qolgan. Tadbirkor qarzni to‘lashga tayyor, ammo penya va jarimalar uning moliyaviy ahvolini yanada og‘irlashtirmoqda. Yangi tartib unga qarzni qonuniy ravishda bartaraf etish, faoliyatini tartibga solish va kelgusida ishini davom ettirish uchun imkoniyat beradi.
Muhimi, bu chora qarzni to‘lamaslikka rag‘batlantirmaydi. Aksincha, tadbirkorga xatosini mustaqil tuzatib, majburiyatini bajarish orqali huquqiy va moliyaviy holatini yaxshilash imkonini yaratadi. Farmonda iqtisodiy amnistiya doirasida yo‘l qo‘yilgan xatolarni mustaqil ravishda bartaraf etgan tadbirkorlarning barqarorlik reytingi ballari tushirilmasligi ham belgilangan. Shuningdek, 2026-yil 1-yanvarga qadar shakllangan ayrim ma’muriy va moliyaviy jarimalarning to‘lanmagan qismi hisobdan chiqariladi.
Tadbirkorning kundalik xarajatlarini kamaytirishga qaratilgan choralar ham e’tiborga loyiq. 2026-yil 1-noyabrdan avtomatlashtirilgan hisobga olish va nazorat tizimlariga ulangan, masofadan o‘chirish-yoqish imkoniyatiga ega hisoblagichi bo‘lgan tadbirkorlik sub’ektlari uchun elektr energiyasi va tabiiy gazning oylik iste’moli bo‘yicha oldindan to‘lanadigan haq miqdori 15 foiz etib belgilanadi.
Oxirgi ikki oy davomida to‘lov intizomiga rioya qilmaganlar bundan mustasno. Bunday tadbirkorlardan elektr va gaz sarfi to‘g‘risidagi yozma hisobotlarni hududiy ta’minot korxonalariga topshirish majburiyati ham bekor qilinadi. Xizmat ko‘rsatish shartnomalarini qog‘ozda rasmiylashtirish tartibi elektron shartnoma tuzish orqali bekor qilinadi.
Bu o‘zgarishning mazmunini ishlab chiqarish sexi misolida tushunish oson. Sex egasi uchun elektr energiyasi va gaz xarajati har oygi hisob-kitobning muhim qismi. Oldindan to‘lov miqdorining kamayishi aylanma mablag‘ni boshqarishni yengillashtiradi. Qog‘oz hisobotlar va shartnomalardan voz kechish esa vaqtni tejaydi. Tadbirkor bu vaqtni hujjat ortidan yugurish o‘rniga, mahsulot ishlab chiqarish, buyurtma olish va xizmat sifatini oshirishga sarflashi mumkin.
Farmonda investitsiya loyihalari uchun tashqi muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini qurish xarajatlarini qoplash, davlat xaridlarida zakalat va qo‘shimcha zakalat mablag‘larini bir ish kuni ichida avtomatik ravishda qaytarish, qo‘shilgan qiymat solig‘ining bir qismini qaytarish hamda naqd pulda to‘lovlarni amalga oshirish mumkin bo‘lgan chegarani bazaviy hisoblash miqdorining 400 baravari etib belgilash bo‘yicha choralar ham nazarda tutilgan.
Masalan, davlat xaridlarida ishtirok etgan tadbirkor uchun shartnoma bajarilganidan keyin zakalat mablag‘larining qaytarilishi qanchalik tez amalga oshirilishi muhim. Chunki bu mablag‘ uning keyingi buyurtmasi, ish haqi yoki xomashyo xaridi uchun aylanma mablag‘ bo‘lishi mumkin. Shu nuqtai nazardan, avtomatik qaytarish mexanizmi moliyaviy intizomni saqlagan tadbirkorning mablag‘laridan samarali foydalanish imkoniyatini oshiradi.
Farmonning eng muhim huquqiy yangiliklaridan biri — davlat organi va tadbirkorlik sub’ekti o‘rtasidagi ommaviy huquqiy munosabatlarda “tadbirkorlik sub’ektining haqlilik prezumpsiyasi” amal qilishi belgilangani. Unga ko‘ra, aksini davlat organi isbotlaguncha, tadbirkor qonunchilikka muvofiq harakat qilgan va o‘z majburiyatlarini lozim darajada bajargan hisoblanadi. Sudda yoki nizoni hal qiladigan boshqa ma’muriy organda davlat organi qabul qilgan qarorning qonuniyligi, asosliligi, mutanosibligi va huquqbuzarlik sodir etilganini isbotlash majburiyati to‘liq davlat organi zimmasiga yuklatiladi. Bartaraf etib bo‘lmaydigan ziddiyatlar, noaniqliklar va shubhalar tadbirkor foydasiga talqin qilinadi.
Bu qoidani oddiy misolda ko‘rib chiqaylik. Tadbirkorga nisbatan davlat organi tomonidan muayyan huquqiy ta’sir chorasi qo‘llanildi. Tadbirkor esa qarorni asossiz deb hisoblab, uning qonuniyligi va asosliligini belgilangan tartibda qayta ko‘rib chiqishni so‘ramoqchi. Yangi yondashuvga ko‘ra, u o‘zining haqligini cheksiz ravishda isbotlashga majbur bo‘lmaydi. Davlat organi o‘z qarorining qonuniyligi va asosliligini dalillar bilan ko‘rsatishi kerak.
Bu yerda gap tadbirkorni har qanday mas’uliyatdan ozod qilish haqida borayotgani yo‘q. Aksincha, davlat organi qaror qabul qilganda dalil, qonun va mutanosiblikka tayanishini ta’minlash haqida gap ketmoqda. Shu jihatdan, mazkur qoida tadbirkorning huquqiy himoyasini kuchaytirish bilan birga, davlat boshqaruvida qaror qabul qilish madaniyatiga ham yangi talab qo‘yadi.
Farmonda ma’muriy sud hal qiluv qarorlarida davlat organi zimmasiga o‘z qarorini qayta ko‘rib chiqish majburiyati yuklanganda, sudning huquqiy pozitsiyasi davlat organi tomonidan inobatga olinishi shartligi ham belgilangan. Bunda qayta ko‘rib chiqish natijasi tadbirkorning holatini avvalgi qarorga nisbatan og‘irlashtirishi mumkin emas. Davlat organi sud qarori kuchga kirgan kundan boshlab o‘ttiz kun ichida o‘z qarorini qayta ko‘rib chiqishi shart.
Iqtisodiyotda yangi imkoniyatlar yaratish uchun moliyaviy qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari ham muhim. Farmonda “Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi” AJ tomonidan kreditlar, bank kafolatlari, akkreditivlar va lizing bo‘yicha 75 foizgacha kafillik taqdim etish, davlat xaridlarida ishtirok etayotgan tadbirkorlarga shartnomani bajarish va avansni qaytarish uchun 2,5 milliard so‘mgacha kafolat berish, intizomli tadbirkorlik sub’ektlariga 5 milliard so‘mgacha imtiyozli kreditlar ajratish belgilangan. Davlat tasarrufidagi foydalanilmayotgan bino, inshoot va boshqa aktivlarni sotib oluvchi tadbirkorlarga 15 milliard so‘mgacha xizmatlar ipotekasi berish ham nazarda tutilgan.
Aytaylik, tadbirkor yangi sex ochish uchun biznes-reja tayyorladi, bozorini o‘rgandi, buyurtmachilar bilan kelishuvga erishdi. Ammo bank krediti uchun yetarli garov topa olmayapti. Bunday vaziyatda kafillik mexanizmi loyihaning moliyalashtirilishini osonlashtirishi mumkin. Yoki davlat xaridlarida ishtirok etayotgan korxona shartnomani bajarish uchun mablag‘ga muhtoj bo‘lsa, kafolat mexanizmi uning imkoniyatlarini kengaytiradi.
Bu choralarning iqtisodiy mazmuni shundaki, tadbirkorlik loyihasining hayotga tatbiq etilishi faqat uning o‘z mablag‘iga bog‘lanib qolmaydi. Moliyalashtirishning turli shakllari orqali yangi ishlab chiqarish quvvatlari, xizmatlar va ish o‘rinlari uchun imkoniyat yaratiladi.
Innovatsiya va startaplar uchun belgilangan choralar esa iqtisodiyotning kelajakdagi raqobatbardoshligiga qaratilgan. 2027–2030-yillarda ustuvor va yuqori salohiyatga ega sanoat tarmoqlarida startap loyihalarni moliyalashtirishga qaratilgan “Kelajak tadbirkori” dasturi amalga oshiriladi. Unda ochiq tanlov asosida 30 tagacha startap loyiha moliyalashtirilishi va har bir loyihaga 5 milliard so‘mgacha mablag‘ investitsiya shaklida kiritilishi belgilangan.
Masalan, yosh dasturchi qishloq xo‘jaligida suv sarfini kamaytirishga yordam beradigan raqamli yechim yaratdi. Uning g‘oyasi bor, lekin dasturni takomillashtirish, sinovdan o‘tkazish va bozorga chiqarish uchun mablag‘ zarur. Startap dasturi ana shunday g‘oyalarni amaliy loyihaga aylantirish uchun moliyaviy imkoniyat yaratishi mumkin.
Shuningdek, startaplarga xususiy investitsiyalarni jalb qilishni rag‘batlantirish maqsadida “Startap investori” maqomi joriy etiladi. Yagona elektron platformada ro‘yxatdan o‘tgan startap loyihaning ustav kapitaliga investitsiya kiritgan jismoniy shaxslarga beriladigan ushbu maqom investorlarning ulushlarni sotishdan olgan daromadlariga nisbatan, ulushlar uch yildan kam saqlangan holatlardan tashqari, daromad solig‘i imtiyozini nazarda tutadi. Bu yondashuv startaplarni qo‘llab-quvvatlashni faqat davlat mablag‘lari bilan cheklab qo‘ymaydi. Xususiy investor uchun ham yangi texnologiya va innovatsion g‘oyalarga sarmoya kiritishning iqtisodiy manfaatdorligini oshiradi.
Turizm va xizmatlar sohasidagi choralar ham shu mantiqqa asoslangan. Farmonda mehmonxona qurish uchun 50 milliard so‘mgacha, rekonstruksiya qilish va jihozlash uchun 20 milliard so‘mgacha kreditlar ajratish, ularning belgilangan chegaradan yuqori foiz xarajatlarini qoplash mexanizmlari nazarda tutilgan. Uch, to‘rt va besh yulduzli mehmonxonalar qurishga subsidiyalar berish muddati 2029-yil 1-yanvarga qadar, mehmonxona va boshqa joylashtirish vositalari uchun mol-mulk va yer solig‘i stavkalariga nisbatan 0,1 koeffitsiyentni qo‘llash muddati 2030-yil 1-yanvarga qadar uzaytirilgan.
Masalan, sayyohlar ko‘p boradigan hududda mehmonxona qurishni rejalashtirayotgan tadbirkor uchun qurilish va jihozlash xarajatlari katta sarmoya talab qiladi. Imtiyozli kredit, subsidiya va soliq yengilliklari bunday loyihaning moliyaviy yukini kamaytirishga xizmat qilishi mumkin. Natijada hududda joylashtirish imkoniyatlari kengayadi, xizmat ko‘rsatish sohasida yangi ish o‘rinlari paydo bo‘ladi.
Shu tariqa, farmondagi choralar o‘zaro bog‘liq bo‘lib, tadbirkorlik muhitini yaxshilashga qaratilgan yagona yondashuvni ifodalaydi. Tekshiruvlarni kamaytirish tadbirkorning vaqtini asraydi. Birinchi xato uchun ogohlantirish kamchilikni bartaraf etish uchun qo‘shimcha imkoniyat yaratadi. “Ikkinchi imkon” qarzdorlikni tartibga solishga sharoit beradi. Kommunal to‘lovlar va elektron shartnomalardagi yengilliklar xarajatlarni kamaytiradi. Haqlilik prezumpsiyasi huquqiy himoyani kuchaytiradi. Kafillik va imtiyozli kreditlar esa yangi loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlarini kengaytiradi.
Eng muhimi, farmon tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashga bo‘lgan yondashuvni yanada aniqlashtirmoqda. Tadbirkorga faqat moliyaviy yordam berishning o‘zi kifoya qilmaydi. Uning qonuniy faoliyatiga ishonch bildirish, ortiqcha to‘siqlarni bartaraf etish, huquqiy himoyasini kuchaytirish va ishini rivojlantirishi uchun barqaror sharoit yaratish ham shunchalik muhim.
Xulosa qilib aytganda, tadbirkor o‘zini qanchalik himoyalangan va ishonchli muhitda his qilsa, yangi loyiha boshlash, investitsiya kiritish, ish o‘rinlari yaratish va bozorda raqobat qilishga shunchalik ko‘proq intiladi. Bu esa oxir-oqibatda alohida korxona faoliyatidan tashqari, hududlar iqtisodiy salohiyati, aholi daromadlari va mamlakat taraqqiyotiga ham ta’sir ko‘rsatadi.
Durbek HUSANOV,
Iqtisodiyot fanlari doktori, professor