Tadbirkor qizlar qo‘llab-quvvatlanmoqda
Samarqandda kasb-hunar kollejlarini bitirayotgan qizlarni tadbirkorlik sohasiga jalb etish va ularni qo‘llab-quvvatlashga bag‘ishlangan seminar bo‘lib o‘tdi.
Samarqandda kasb-hunar kollejlarini bitirayotgan qizlarni tadbirkorlik sohasiga jalb etish va ularni qo‘llab-quvvatlashga bag‘ishlangan seminar bo‘lib o‘tdi.“Sog‘lom ona va bola yili” Davlat dasturi ijrosi doirasida viloyat xotin-qizlar qo‘mitasi, O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi viloyat hududiy boshqarmasi, “Tadbirkor ayollar” uyushmasi hamda Markaziy bank viloyat bosh boshqarmasi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda kollej bitiruvchilari va ularning ota-onalari, tadbirkor ayollar qatnashdi.
Viloyat hokimi o‘rinbosari, viloyat xotin-qizlar qo‘mitasi raisi N.Rabbimova Prezidentimiz rahnamoligida yurtimizda xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning intilish va tashabbuslarini rag‘batlantirishga alohida e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi. Qizlarga kasb-hunar o‘rgatish, ularning tadbirkorlik faoliyatini rag‘batlantirish borasida davlatimiz tomonidan keng imkoniyatlar yaratilib, ko‘plab imtiyozlar berilmoqda.
Viloyatdagi 175 kasb-hunar kolleji va akademik litsey o‘quvchilarining 84 ming 600 nafari qizlardir. Joriy o‘quv yilida kasb-hunar kollejlarini 112 mutaxassislik bo‘yicha 27 mingdan ortiq qiz tamomlamoqda. Ayni paytda ularning aksariyatini ishga joylashtirish yuzasidan korxona va tashkilotlar bilan to‘rt tomonlama shartnomalar imzolangan. Shuningdek, tadbirkorlik bilan shug‘ullanish istagida bo‘lgan 3 mingga yaqin qiz kollejlarda tashkil etilgan “Tadbirkorlik maktabi”da bank, moliya, soliq idoralari va savdo-sanoat palatasi mutaxassislari tomonidan o‘tkazilgan amaliy mashg‘ulotlarda qatnashib, o‘z biznes rejalarini ishlab chiqdi.
– Tadbirkorlik faoliyatini boshlamoqchi bo‘lgan kollej bitiruvchilariga mutaxassislarimiz tomonidan zarur maslahat va tavsiyalar berilib, amaliy yordam ko‘rsatilmoqda, – deydi Savdo-sanoat palatasi viloyat hududiy boshqarmasi rahbari Jamshid O‘roqov. – Jumladan, yurtimizda yaratilgan qulay ishbilarmonlik muhiti, soliq imtiyozlari, qonunchiligimizdagi yangilik va o‘zgarishlar to‘g‘risida ma’lumot berish bilan birga, puxta biznes rejalar taqdim etayapmiz. Ishlab chiqarish bilan shug‘ullanmoqchi bo‘lgan kollej bitiruvchilari, tadbirkorlar uchun zamonaviy texnologiyalar katalogi tuzganmiz.
Seminar davomida bitiruvchi qizlar soliq, bank, statistika idoralari mutaxassislaridan o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.