Tadbirkor murojaati bosh vazir nazoratida
Toshkent tibbiyot kollejida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining Olmazor tumanidagi Tadbirkorlar murojaatlarini ko‘rib chiqish qabulxonasi tomonidan tuman tadbirkorlarini qiziqtirgan masalalar va muammolar yuzasidan ochiq muloqot o‘tkazildi.
Farmon va ijro
Toshkent tibbiyot kollejida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining Olmazor tumanidagi Tadbirkorlar murojaatlarini ko‘rib chiqish qabulxonasi tomonidan tuman tadbirkorlarini qiziqtirgan masalalar va muammolar yuzasidan ochiq muloqot o‘tkazildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yilning 14 maydagi “Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash va himoya qilish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni ijrosi doirasida tashkil etilgan tadbirda tadbirkorlar, mahallalar faollari va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Olmazor tumanidagi Tadbirkorlar murojaatlarini ko‘rib chiqish qabulxonasi mudiri Qobil Otaxonov mamlakatimizda tadbirkorlikni rivojlantirish, biznes yuritish uchun qulay sharoit yaratish va aholini tadbirkorlikka keng jalb etishga hukumat tomonidan alohida e’tibor qaratilayotgani, buning natijasida tadbirkorlar safi kengayib, ular yurtimiz ravnaqiga munosib hissa qo‘shayotganini alohida qayd etdi.
Yangi farmon tadbirkorlar faoliyatini qo‘llab-quvvatlashda huquqiy asos bo‘lib xizmat qilayotgani ta’kidlandi. Masalan, bugungi kunda soliq tizimi tubdan isloh qilinib, tadbirkorlikka ruxsat beruvchi hujjatlarni olish tartibi sezilarli darajada soddalashtirilgani hamda tadbirkorlik sub’ektlarining moliyaviy-xo‘jalik faoliyatini tekshirishlar qisqartirilgani bunga yaqqol misoldir.
Shu bilan birga, tadbirkorlarning muammolarini o‘rganib borish bo‘yicha ular murojaatlarining yagona ma’lumotlar bazasi – “business.gov.uz” yagona interaktiv portalining ishga tushirilishi ham yana bir katta qulaylikdir.
Bosh vazir qabulxonasiga respublika miqyosida shu kunga qadar tabirkorlar va yuridik shaxslar, tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yishni istagan fuqarolar hamda yoshlar tomonidan 16 ming 999 ta turli mazmundagi murojaat kelib tushgan bo‘lib, ularning 78,4 foizi ijobiy hal etilgan.
Ochiq muloqotda Olmazor tumani bo‘yicha bu borada amalga oshirilgan ishlar tahlil qilindi. Hozirgi kunga qadar 75,4 foiz murojaat qanoatlantirilib, ijobiy hal etilgan.
– Davlatimiz rahbarining farmoni men kabi tadbirkorlarning muammolarini hal etishga keng imkoniyat ochib berdi, – deydi Olmazor tumanidagi “Suvenergoservis“ mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari Alisher Mirzakarimov. – 2007 yil o‘z faoliyatini boshlagan korxonamiz avtomobillar uchun maxsus texnikalar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan edi. Korxonada 50 nafarga yaqin ishchi mehnat qilardi. Biroq ayrim sabablar bilan 2017 yilda sud qaroriga binoan korxonamiz xatlandi va bandlab qo‘yildi. O‘tgan ikki yil davomida bormagan, yugurmagan joyim qolmadi. Yaqinda Prezident farmoni ijrosi doirasida tashkil etilgan O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining Olmazor tumanidagi Tadbirkorlar murojaatlarini ko‘rib chiqish qabulxonasiga mazkur muammo yuzasidan murojaat qilgan edim. Qabulxona tomonidan murojaatim o‘rganilib chiqildi va ishim ijobiy hal qilib berildi. Hozir korxonamiz faoliyati yana qayta tiklanmoqda. Ishchilarimiz o‘z ish joyiga qaytmoqda. Buning uchun ushbu qabulxona jamoasiga o‘z tashakkurimni bildiraman.