Tadbirkor ko‘paysa aholi farovonligi oshadi
Toshkent viloyatida tadbirkorlikni rivojlantirish, qulay ishbilarmonlik muhitini yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Prezidentimizning 2021 yil 21 apreldagi “Tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash tizimini takomillashtirish, ishbilarmonlik muhitini yanada yaxshilash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ham tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarini kengaytirish, ularni zarur moliyaviy va infratuzilmaviy resurslar bilan ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etayotir.
Toshkent tumanida keyingi yillarda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar samarasida aholi, ayniqsa, yoshlar va xotin-qizlar bandligi ta’minlanmoqda.
“Xiyobon” mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi “Obid baraka biznes” oilaviy korxonasi erkaklar, ayollar va bolalar uchun turli dizayndagi charmdan sumka va chemodanlar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan. Ayni paytda bu yerda 72 nafar odam ish bilan ta’minlangan bo‘lib, ularning asosiy qismi ayollardan tarkib topgan. Ular atrofdagi mahallalardan kelib mehnat qiladi.

– Korxonamizda bozor talabiga qarab 500 xildagi mahsulot ishlab chiqariladi, – deydi korxona ish boshqaruvchisi Nargiza Xushvaqtova. – Bir kunda 600 ta sumka va chemodan tayyorlanadi. Dastlab 5 ta tikuv mashinasi bilan ish boshlagan bo‘lsak, hozir 100 ga yaqin texnikamiz bor. Bu yerda ish bir smenada tashkil etilgan bo‘lib, ishchilarga zarur sharoit yaratilgan.
Korxona mas’ullari kelgusida faoliyatini kengaytirish, qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratish va mahsulot sifatini yanada yaxshilash borasidagi loyihalarni amalga oshirishni rejalashtirgan.
bugungi kunda tumanda 37 ta davlat, 11 ta nodavlat hamda 13 ta oilaviy davlat xususiy sherikchilik asosidagi maktabgacha ta’lim muassasalari faoliyat yuritmoqda
Bunyodkor mahallasidagi “Angels” nodavlat oilaviy bog‘chasida 60 nafar bolalar tarbiyalanmoqda.

– 2018 yilda xonadonimizda bog‘cha tashkil qilib, ish o‘rni yaratdik va mahalla bolalarini qamrab oldik, – deydi “Angels” bog‘chasi rahbari Muhayyo Solihova. – Guruhlarda 10-12 tadan bolalarni qabul qilganmiz. E’tiborlisi hududdagi kam ta’minlangan oilalar farzandlarini ham olganmiz. Ularni turli to‘garaklarda til o‘rganadi va sport mashg‘ulotlarida qatnashadi.
Ta’kidlash joizki, tumanda issiqxonachilik, sabzavot va gulchilik ham rivojlanmoqda. Jumladan, “Bahor gullari” – bog‘ markazi 1,5 gektar yer maydonida joylashgan bo‘lib, bu yerda 2 ming xildan ortiq turli manzarali daraxtlar, gullar parvarishlanadi. Deyarli 20 yildan buyon faoliyat yuritayotgan markazda Gollandiya, Polsha, Belgiya kabi Yevropa davlatlaridan gul ko‘chatlari keltirilib, mamlakatimiz iqlimiga moslashtirilmoqda.
– Bu yerda hozir 150 nafar xodim faoliyat yuritadi, – deydi markaz mutaxassisi Rustam Jumaboyev. –100 xildagi xonaki gullar yetishtirilyapti. Chet el gullarini parvarishlashga alohida e’tibor beramiz. Bunda mutaxassislarimiz tomonidan muntazam ravishda tizimli ish olib boriladi. Bundan tashqari, landshaft dizayn bilan ham shug‘ullanamiz. Kelgusida o‘zimiz yetishtirgan gullarni qo‘shni davlatlarga eksport qilishni rejalashtirganmiz.
Ta’kidlash joizki, tumanda yoshlarni ish bilan ta’minlash doimiy e’tiborda. Hududdagi g‘alla-sabzavotchilik yo‘nalishidagi fermer xo‘jaliklari tomonidan yoshlarga 1 gektardan yer ajratilgan. Hozirga qadar dehqonchilik faoliyati bilan shug‘ullanish istagini bildirgan 237 nafar yoshlarga jami 114,05 gektar yer ajratilgan. Shundan 57,4 gektariga sabzavot, 11,8 gektariga poliz ekinlari, 42,85 gektariga kartoshka va 2 gektariga dukkakli ekinlar ekildi. Yoshlar bilan fermer xo‘jaliklari o‘rtasida ikkilamchi ijara shartnomasi ham tuzildi.
Umuman olganda, bu kabi istiqbolli tashabbuslar juda ko‘p. Bu jarayonda tadbirkorlar va aholining ijtimoiy faolligi muhim ahamiyat kasb etmoqda.
A.Musayev, O‘zA