Tadbirkor huquqini buzganlar jazolandi
Yurtimizda keyingi paytda tadbirkorlikni rivojlantirish, xalqimizning bu boradagi ko‘nikmasini oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash va ularni qiynab kelayotgan muammolarni hal etish maqsadida davlatimiz rahbarining ishbilarmonlar bilan ochiq muloqotini o‘tkazish an’anaga aylandi. Mamlakatimizda Tadbirkorlar kuni belgilandi.
Joriy yilning 22 avgust kuni ham davlatimiz rahbari tadbirkorlar bilan ochiq muloqot o‘tkazib, besh yo‘nalish bo‘yicha muhim tashabbus va takliflarni ilgari surdi.
Uchrashuvda Prezident tomonidan boshqa sohalar qatorida Biznes-ombudsman oldiga ham bir qator vazifalar qo‘yildi.
– Ikki oy muddatda Soliq qo‘mitasi bilan birgalikda birinchi marta xato qilgan kichik biznes vakillariga nisbatan jazo chorasini qo‘llamaslik, shuningdek soliq jarimalari miqdorini ular tomonidan to‘lanayotgan soliq miqdoriga mutanosib ravishda belgilash bo‘yicha, Adliya vazirligi bilan birgalikda tadbirkorlarning takliflarini chuqur o‘rganib, tekshiruvlarning muddatlarini qisqartirish, moliyaviy xato va kamchiliklarning minimal chegaraviy miqdorini belgilash, tekshiruv jarayonlaridan tadbirkorni xabardor qilish va shikoyatlarni ochiq-oshkora ko‘rib chiqish bo‘yicha qonun loyihalarini ishlab chiqishimiz kerak, – deydi Biznes-ombudsmanning Samarqand viloyatidagi yetakchi inspektori Jasur Tursunov. – 2023 yil 1 yanvardan tadbirkorlar murojaatlarini 24 soat qabul qiladigan kraud-sorsing platformasi – Tadbirkor virtual ofisini ishga tushirish, ushbu tizim orqali tadbirkorlarning murojaatlarini qabul qilish, ijrosini nazoratga olish va tadbirkorlar huquqlarini buzganlarni jazolab borishi belgilandi. Bundan tashqari, muloqotda joriy yil 1 noyabrdan har qanday tekshirishlar faqat va faqat Biznes-ombudsmanda yangi ishga tushiriladigan elektron platforma orqali amalga oshirilishi, barcha turdagi tekshiruvlar Biznes-ombudsman tomonidan muvofiqlashtirilishi kerakligi ta’kidlandi.
Biznes-ombudsmanga bunday vazifalar qo‘yilishi bejiz emas, albatta. Chunki, davlatimiz rahbari tashabbusi bilan tashkil etilgan mazkur tuzilma qisqa vaqt ichida yurtimiz tadbirkorlarining huquqlari va qonuniy manfaatlariga rioya qilinishini ta’minlashda o‘z o‘rniga ega bo‘ldi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, yilning sakkiz oyida Biznes-ombudsman devonining Samarqand viloyatida faoliyat ko‘rsatuvchi xodimlariga 336 ta murojaat tushgan. Bu murojaatlarning 295 tasi ko‘rib chiqilib, 95 tasi qanoatlantirilgan.
– Murojaatlarning asosiy qismi yer va binolar, soliq munosabatlariga oid, sud qarorlari, sud va boshqa organlar qarorlarining ijrosi, ruxsatnomalar, litsenziyalar va hujjatlarni rasmiylashtirish, bank, moliya va kredit masalalari, infratuzilma, surishtiruv-tergov bilan bog‘liq bo‘ldi, – deydi J.Tursunov. – Masalan, “Business” MCHJning (nomi o‘zgartirilgan) litsenziya olish yuzasidan murojaati noqonuniy rad qilinayotganligi bo‘yicha murojaati o‘rganilganda, Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi Samarqand viloyati hududiy bo‘limi xodimi tomonidan tadbirkorning murojaati “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to‘g‘risida”gi Qonun talabiga zid ravishda rad qilinganligi aniqlandi. Natijada aybdor xodimga nisbatan ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilishi hamda tadbirkorga tegishli litsenziya rasmiylashtirib berilishi ta’minlandi.
Shuningdek, “BINOKOR” MCHJning (nomi o‘zgartirilgan) unga berilgan ruxsatnomalar viloyat qurilish bosh boshqarmasi tomonidan bir taraflama bekor qilinganligidan norozi bo‘lib yozgan murojaatini o‘rganish natijalariga ko‘ra, boshqarmaning noqonuniy chiqarilgan qarori bekor qilindi hamda tadbirkorga berilgan ruxsatnomalar o‘z kuchida qoldirildi.
Biznes-ombudsman devonining Samarqand viloyatida faoliyat yurituvchi xodimlari tomonidan davlat idoralarida o‘tkazilgan o‘rganishlar va tahlillar, shuningdek murojaatlarni ko‘rib chiqish natijalariga ko‘ra tadbirkorlarning huquqlarini buzgan 20 nafar shaxslarga nisbatan ma’muriy bayonnomalar tuzilib, vakolat doirasida ma’muriy javobgarlikka tortish haqida qarorlar qabul qilindi. Shuningdek, 104 nafar shaxsga nisbatan rasmiylashtirilgan ma’muriy huqqbuzarlik to‘g‘risidagi bayonnomalar ko‘rib chiqish uchun sud va boshqa idoralarga yuborildi.
Jumladan, Tadbirkor virtual ofisi orqali ko‘rib chiqish uchun yuborilgan murojaatlarni belgilangan muddatlarda ko‘rib chiqmaganligi, shuningdek murojaatlarni ko‘rib chiqish tartibiga rioya qilmaganligi bois “Agrobank” va “Garantbank”larning hududiy filiallari mansabdor shaxslariga nisbatan jarima ma’muriy jazo chorasi qo‘llanildi.
Umuman, joriy yilning o‘tgan davrida o‘tkazilgan o‘rganishlar davomida davlat idoralari xodimlari tomonidan 1529 ta holatda tadbirkorlarning huquqlari buzilishiga yo‘l qo‘yilganligi aniqlanib, ushbu qonunbuzilishlarga yo‘l qo‘ygan xodimlarga nisbatan tegishli tartibda ma’muriy va intizomiy jazo choralari qo‘llanildi.
G‘.HASANOV, O‘zA.