Tadbirkor huquqi qonun himoyasida
Prezidentimiz rahnamoligida qulay ishbilarmonlik muhitini yaratish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar yuksak samaralar bermoqda.
Prezidentimiz rahnamoligida qulay ishbilarmonlik muhitini yaratish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar yuksak samaralar bermoqda.Davlatimiz rahbarining 2015-yil 15-maydagi “Xususiy mulk, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni ishonchli himoya qilishni ta’minlash, ularni jadal rivojlantirish yo‘lidagi to‘siqlarni bartaraf etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni bu boradagi ishlarni yangi bosqichga ko‘tardi. Mazkur farmon ijrosi doirasida qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga xususiy mulkni, tadbirkorlik subyektlarini ishonchli himoya qilishni yanada kuchaytirishga, ularni jadal rivojlantirish yo‘lidagi to‘siqlarni bartaraf etishga qaratilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonunga muvofiq, tadbirkorlik subyektlari faoliyatining barcha jihatlariga taalluqli 40 dan ortiq me’yoriy-huquqiy hujjatga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi.
Qonunchilikdagi yangiliklarni hayotga tatbiq etish, tadbirkorlar manfaatlarini ishonchli himoya qilish borasida prokuratura organlari tomonidan ham zarur chora-tadbirlar ko‘rilmoqda. Samarqand viloyatida 2015-yilning o‘tgan davrida ish boshlagan 2 mingga yaqin kichik biznes subyektining 436 tasi viloyat prokuraturasi organlarining amaliy yordami bilan tashkil etildi.
– Prezidentimizning 2015-yil 15-maydagi farmoni kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirishda navbatdagi muhim qadam bo‘ldi, – deydi Samarqand viloyati prokuraturasi bo‘lim prokurori Azim Sattorov. – Ushbu hujjat va u asosida bir qator qonunlarga kiritilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar ijrosini ta’minlash doimiy e’tiborimizda. Bu borada olib borilayotgan tadbirlar natijasida ikki holatda tadbirkorlik subyektini noqonuniy tekshirish va 89 holatda ular faoliyatiga asossiz aralashish holati aniqlanib, 250 dan ziyod prokurorlik choralari qo‘llanildi. 9 jinoyat va 17 ma’muriy ish qo‘zg‘atildi. Qo‘llanilgan prokuror nazorati hujjatlari natijasida 164 nafar tadbirkorning huquqi tiklandi. 222 holatda tadbirkor huquqlari buzilgani aniqlandi.
Tadbirkorlik subyektlarining murojaatlari ko‘rib chiqilishiga alohida e’tibor qaratilib, ularning huquqlarini himoya qilish, tadbirkorlikni rivojlantirishga to‘siq bo‘layotgan har qanday qonunbuzilishga qarshi keskin choralar ko‘rilmoqda.
Samarqand shahar hokimining 2015-yil 17-iyuldagi qarori bilan Cho‘ponota maskani sanoat zonasidan “Sam Metall Komfort” xususiy korxonasiga ishlab chiqarish obyekti qurish uchun ajratilgan er maydoniga fuqaro Sh.Sharipov tomonidan noqonuniy bino qurilib, tadbirkor faoliyatiga to‘sqinlik qilingan. Mazkur holat yuzasidan fuqarolik ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudi noqonuniy qurilgan binoni buzish haqida qarorchiqargan. Ushbu ishga oid ijro varaqaning ijro etilishiga amaliy yordam berish haqidagi murojaat viloyat prokuraturasi tomonidan ko‘rib chiqilib, aniqlangan qonunbuzilish holati to‘liq bartaraf etilgan. Xususiy korxona tomonidan ishlab chiqarish obyekti qurilishi uchun tayyorlangan bosh loyiha hujjatlari viloyat arxitektura va qurilish bosh boshqarmasi tomonidan ro‘yxatdan o‘tkazilib, tasdiqlab berilishi ta’minlangan.
Viloyat prokuraturasi organlari va boshqa mutasaddi idoralar bilan hamkorlikda tuzilgan ishchi guruhlar tomonidan faoliyati to‘xtab qolgan tadbirkorlik subyektlarining faoliyat ko‘rsatmaslik sabablari muntazam o‘rganib borilmoqda. O‘rganish davrida faoliyatini qayta yo‘lga qo‘yish istagida bo‘lgan subyektlarning 330 tasiga kredit olishda, 44 nafariga bino va yer maydonlari ajratilishida, 138 tasiga litsenziya va boshqa ruxsat etuvchi hujjatlar berilishida amaliy yordam ko‘rsatilgan hamda tadbirkorlar faoliyati tiklanishi ta’minlangan.
Yil boshidan buyon tadbirkorlik subyektlari manfaatini himoya qilish yuzasidan xo‘jalik sudlariga 613,3 million so‘mlik zararlarni undirish haqida 21 da’vo arizasi kiritilib, to‘liq qanoatlantirilgan.Qishloqlarda prokuratura ko‘magida 1 ming 465 savdo va maishiy xizmat ko‘rsatuvchi tadbirkorlik subyekti tashkil etilib, 2 mingdan ortiq yangi ish o‘rni yaratilgan.
Tadbirkorlarning huquq va manfaatlarini ta’minlash, ularga zarur yuridik yordam ko‘rsatishda prokuratura organlari tomonidan joylarda o‘tkazilayotgan uchrashuv va seminarlar ham muhim ahamiyat kasb etmoqda. 2015-yilning o‘tgan davrida tuman va shaharlarda tashkil etilgan uchrashuvlarda mingdan ziyod tadbirkor va fermerlarga huquqiy maslahatlar berildi, 450 tadbirkorga amaliy yordam ko‘rsatildi.
Mazkur yo‘nalishda viloyat prokuraturasi organlari tomonidan o‘tkazilgan tekshirish va nazorat tadbirlari davomida mansabdor shaxslarning qonunga zid 146 qaror va farmoyishiga protest keltirilib, aniqlangan qonunbuzilishi, uning kelib chiqish sabablari va bunga imkoniyat yaratib berayotgan sharoitlarni bartaraf etish to‘g‘risida 26 taqdimnoma kiritilgan. 17 nafar shaxs ma’muriy, 28 nafari intizomiy javobgarlikka tortilgan. Qo‘pol qonunbuzilishi holatlari bo‘yicha 9 jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, 162 tadbirkorning buzilgan huquqlari tiklanishi ta’minlangan. Bu boradagi ishlar izchil davom ettirilmoqda.