Tadbirkor davlatga 3,2 milliard so‘m zarar yetkazgan
Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Buxoro shahar bo‘limi tomonidan “Buxoro qurilish mollari savdo markazi” MCHJ mansabdor shaxslariga nisbatan JKning 169 - moddasi 4 - qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Aniqlanishicha, “Buxoro qurilish mollari savdo markazi” MCHJga qarashli bozor hududida suvdan foydalanish uchun 2020 yil 14 sentyabrda “Buxorosuvta’minot” MCHJ Buxoro shahar filiali o‘rtasida 2801 - sonli shartnoma tuzilgan. Jamiyat bozor hududida suvdan foydalanganligi bo‘yicha jami 15,2 million so‘mlik qarzdorligi yuzasidan “Buxoro suv ta’minot” MCHJ Buxoro shahar filiali xodimlari tomonidan 2023 yil 25 aprelda suv yetkazib berish to‘xtatilib, hisoblagichdan oldindagi suv tutgich muhrlab yopilgan va dalolatnoma rasmiylashtirilgan.
Biroq jamiyat mansabdor shaxslari tomonidan favqulodda holatlar uchun hisoblagichdan oldin o‘tgan aylanma suv quvurining suv tutgich muhri buzilgan. 2023 yil 25 apreldan 23 avgust kuniga qadar bozor hududida tijorat maqsadida suvdan noqonuniy foydalanib, “Buxoro suv ta’minot” MCHJ Buxoro shahar filialiga jami 3,2 milliard so‘mlik zarar yetkazilgan. Viloyat prokuraturasi tomonidan mazkur jinoyat ishi tergovi alohida nazoratga olingan.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri