Tadbirkor ayolning ezgu rejalari
Mamlakatimizda raqobatbardosh, eksportbop va import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarishga qaratilgan investitsiya siyosati samarasida ilgari valyuta hisobiga chetdan keltirilgan mahsulotlar yurtimiz tadbirkorlari tomonidan tayyorlanmoqda.
Mamlakatimizda raqobatbardosh, eksportbop va import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarishga qaratilgan investitsiya siyosati samarasida ilgari valyuta hisobiga chetdan keltirilgan mahsulotlar yurtimiz tadbirkorlari tomonidan tayyorlanmoqda.Prezidentimiz Islom Karimovning 2010-yil 15-dekabrdagi “2011-2015-yillarda O‘zbekiston Respublikasi sanoatini rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari to‘g‘risida”gi qarori ishlab chiqarish quvvatlarini modernizatsiyalash, texnik va texnologik yangilash, sanoatni barqaror rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Boshqa sohalarda bo‘lgani kabi yengil sanoat tarmog‘ining bolalar kiyimlari ishlab chiqarish yo‘nalishida ham qator yutuqlarga erishilmoqda. Surxondaryo viloyati Uzun tumanidagi “To‘maris istiqbol tekstil” xususiy korxonasida bolalarga mo‘ljallangan kiyim-kechaklar, paypoqlar ishlab chiqarilmoqda. O‘n to‘rt ishchi mehnat qilayotgan korxonada ichki va tashqi bozordagi ehtiyoj o‘rganilib, paxta tolasidan rang-barang, turli mavsumga mo‘ljallangan 30-40 turdagi liboslar tayyorlanmoqda.
– Mamlakatimizda xotin-qizlarning tadbirkorlik bilan shug‘ullanishi uchun yaratilgan imkoniyatlardan samarali foydalanib, korxonamiz faoliyatini kengaytirmoqdamiz, – deydi korxona rahbari Dilafro‘z To‘xtasinova. – Aslida mulk egasini topsa va unga moliyaviy ko‘mak berilsa, ishbilarmonning ishi rivojlanadi. Sog‘lom raqobat muhitida turli yo‘nalishda xizmatlar ko‘lamini va mahsulot sifatini yanada oshirish orqali mijozlar ishonchiga kirayotirmiz.
Aylanma mablag‘ qancha ko‘p bo‘lsa, ishlab chiqarish salmog‘i yanada ortadi. 2011-yilda tashkil etilgan mazkur korxonaga bank krediti hisobiga xorijdan yuqori avtomatik boshqariladigan texnologik liniyalar – to‘qish, dazmollash, qadoqlash uskunalari keltirib o‘rnatildi. Natijada mahsulot turi ko‘payib, daromad oshdi.
– Mahsulotlarimizni xaridorlarga arzon narxlarda yetkazib berish maqsadida Uzun va Sariosiyo tumanlarida savdo do‘konlari faoliyatini yo‘lga qo‘yganmiz, – deydi tadbirkor D.To‘xtasinova. – Xaridorlar do‘konlarimizdan mahsulot xarid qilishi, o‘ziga yoqqan liboslarga buyurtma berishi mumkin. Mahsulotlarimiz naqd pul va pul o‘tkazish yo‘li bilan sotilmoqda.
D.To‘xtasinova 2015-yilda o‘tkazilgan “Tadbirkor ayolning eng yaxshi loyihasi” tanlovining mamlakat bosqichida “Qishloq joylarga mo‘ljallangan eng yaxshi loyiha” yo‘nalishi bo‘yicha sovrindor bo‘ldi. U tanlovda aholiga xizmat ko‘rsatish turlarini kengaytirish va kiyim-kechak ishlab chiqarishni ko‘paytirish loyihasi bilan ishtirok etdi.
Tadbirkor ayolning rejalari yanada ulkan. Loyiha uchun ajratilgan 75 million so‘mlik kredit evaziga«Usta-shogird» maktabini yo‘lga qo‘yib, yoshlarni bu ishga kengroq jalb etish niyatida. Xususan, kollej bitiruvchilari orasida tikuvchilikka qiziquvchilar ko‘pligini inobatga olib, ularga ko‘maklashmoqda. Mahsulotlarini eksportga chiqarish uchun hamkorlar bilan shartnomalar tuzmoqda.