Tadbirkor ayollar safi ortmoqda
Qoraqalpog‘iston Respublikasi To‘rtko‘l tumanida O‘zLiDeP tomonidan amalga oshirilayotgan “Mahallaning ishbilarmon ayoli” loyihasi doirasida navbatdagi tadbir tashkil etildi.
Unda tumanning “Ullubog‘” ovul fuqarolar yig‘inida istiqomat qiluvchi faol va tashabbuskor xotin-qizlar bilan yaqindan tanishildi. Ularning mehnati, tadbirkorlikka bo‘lgan intilishi hamda mahallada xotin-qizlar bandligini ta’minlash borasidagi sa’y-harakatlari alohida e’tirofga sazovor.
Jumladan, mahallaning faol ayollaridan Go‘zal Allabergenova yaqinda tikuvchilik faoliyatini yo‘lga qo‘ydi. Deputat ko‘magida ajratilgan tikuv mashinasi orqali u mahalladagi xotin-qizlarga turli xil kiyim-kechaklar tikib, daromad topmoqda. Bu nafaqat uning oilaviy daromadini oshirishga, balki boshqa ayollar uchun ham ibrat maktabiga aylanmoqda.

Shuningdek, tadbirkor Farida Malikovaning maxsus korxonasi yoki zamonaviy binosi bo‘lmasa-da, eski joyda ham o‘z faoliyatini samarali tashkil etgan. Eng muhimi, u nafaqat o‘zini, balki o‘nlab xotin-qizlarni ham ish bilan ta’minlab, jamiyatda katta ijtimoiy ahamiyatga ega ishlarni amalga oshirmoqda.
Farida 2021-yilda uch nafar ayol bilan ish boshlagan. Hozirda kasanachilik asosida qariyb 35 nafar xotin-qizning bandligini ta’minladi. Kuniga tayyorlangan 70-75 dona ko‘rpa-ko‘rpacha To‘rtko‘l hamda Ellikqal’a tumanlari bozorlariga yetkazilmoqda. Shuningdek, u har yili “Ayollar daftari”dagi ishsiz xotin-qizlarni bepul o‘qitib, kasbga yo‘naltirmoqda.

Asalarichilik bilan shug‘ullanib kelayotgan Almagul Jabbarovaning faoliyati ham ko‘pchilikka namuna bo‘lmoqda. Bitta asal uyasi bilan ish boshlagan tadbirkor hozirgi kunda 20 ta asal uyasiga ega bo‘ldi. Bu qishloq joylarda ham kichik biznesni samarali tashkil etish mumkinligini ko‘rsatadi.
Tadbir yakunida ta’kidlanganidek, “Mahallaning ishbilarmon ayoli” loyihasi doirasida amalga oshirilayotgan bunday tashabbuslar xotin-qizlarning tadbirkorlik faolligini oshirish, ularni qo‘llab-quvvatlash va jamiyatdagi o‘rnini mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri.