“Tabiat uchun birlashamiz” — ekologiya va sog‘lom turmush targ‘ib etilgan forum
Qo‘qon davlat universiteti hamda Ekologik partiya tashabbusi bilan “Tabiat uchun birlashamiz” shiori ostida ommaviy velosayil va sport forumi yuqori saviyada, ko‘tarinki ruhda tashkil etildi.
Tadbir universitet hayotidagi eng yirik ommaviy sport-ijtimoiy loyihalardan biriga aylandi. Unda barcha fakultetlardan faol, tashabbuskor talaba-yoshlar, professor-o‘qituvchilar hamda jamoatchilik vakillari ishtirok etib, tabiatni asrash va sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish g‘oyasini qo‘llab-quvvatladi.

Tadbirning eng yorqin qismlaridan biri ommaviy velosayil bo‘lib, unda har bir fakultetdan saralab olingan velosipedchi talabalar yagona safda harakatlanib, ekologik toza transport vositalarini ommalashtirishga hissa qo‘shdi. Ishtirokchilar sport kiyimlarida, fakultet nomlari aks etgan nakidkalarda maydonga chiqib, jamoaviylik va birdamlik timsolini namoyon etdi.
E’tiborlisi, nogironligi bo‘lgan talabalar ham o‘z aravachalarida faol qatnashib, tadbirning inklyuziv va ijtimoiy ahamiyatini yanada oshirdi. Bu esa universitetda har bir talaba uchun teng imkoniyatlar yaratilayotganining amaliy ifodasi bo‘ldi.

Forum doirasida o‘tkazilgan “5000 qadam yurish” aksiyasi talaba-yoshlar orasida katta qiziqish uyg‘otdi. Mazkur aksiya orqali ishtirokchilar nafaqat jismoniy faollikni oshirdi, balki tabiat bilan uyg‘un yashash, sog‘lom hayot tarzini tanlash g‘oyalarini amalda namoyon etdi. Shuningdek, barcha fakultetlar tomonidan tayyorlangan ommaviy badantarbiya mashqlari bir vaqtning o‘zida bajarilib, maydonda haqiqiy sport bayrami muhitini yuzaga keltirdi.
Tadbirning madaniy qismi ham alohida e’tiborga molik bo‘ldi. San’at va sport fakulteti tomonidan tashkil etilgan milliy orkestr va doirachilar chiqishlari, milliy cholg‘u asboblarining jarangi barcha ishtirokchilarga o‘zgacha kayfiyat bag‘ishladi. Rang-barang bayroqlar bilan bezatilgan hududda o‘tkazilgan “Ko‘ngil ekologiyasi” nomli rasmlar tanlovida esa iqtidorli rassom talabalar o‘z ijodiy ishlarini namoyish etib, tabiatni asrash g‘oyasini ijodiy ishlari orqali ifodaladi.

Mazkur forum talaba-yoshlarda ekologik madaniyatni yuksaltirish, sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib etishga xizmat qiluvchi muhim tashabbus sifatida e’tirof etildi.
Eng muhimi, bu kabi tadbirlar yoshlarni nafaqat jismonan chiniqtirish, balki ularni tabiatga mehr, atrof-muhitga mas’uliyat bilan qarash ruhida tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etadi.

Hamroz Bayonov, O‘zA