“Ta’lim” axborot tizimi yaratilmoqda
O‘zbekiston Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligida 2016-2020-yillarda “Ta’lim” kompleks axborot tizimini yaratish va joriy etish bo‘yicha olib borilayotgan ishlarga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligida 2016-2020-yillarda “Ta’lim” kompleks axborot tizimini yaratish va joriy etish bo‘yicha olib borilayotgan ishlarga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.Tadbirda mamlakatimiz oliy va o‘rta maxsus ta’lim tizimida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari yo‘nalishi bo‘yicha yuqori malakali mutaxassislar tayyorlashga alohida e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi.
Davlatimiz rahbarining 2013-yil 27-iyundagi “O‘zbekiston Respublikasining milliy axborot-kommunikatsiya tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan elektron hukumat tizimini rivojlantirish doirasida 2016-2020-yillarda “Ta’lim” kompleks axborot tizimi yaratilib, ishga tushiriladi. Undan ko‘zlangan maqsad ta’limning barcha bosqichini axborotlashtirish va aholiga interaktiv xizmatlar ko‘rsatishni yanada yaxshilashdan iborat.
Mamlakatimizda “Elektron ta’lim” milliy tarmog‘i yaratilib, barcha oliy ta’lim muassasalari unga ulangan. Ushbu tarmoq optik-tolali aloqa kanallari orqali axborot tizimlari, elektron ma’lumotlarni uzatish imkoniyatiga ega himoyalangan virtual tarmoq texnologiyasi asosida qurilgan. Ushbu tarmoq orqali ma’lumotlar almashish samarali tashkil etilmoqda.
Bugungi kunda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining veb-sayti va yagona interaktiv xizmatlar portali orqali aholiga turli xizmatlar ko‘rsatilmoqda. Tizimda ichki elektron hujjat almashinuvi 86 foizni tashkil etmoqda. “Ta’lim” kompleks axborot tizimining joriy etilishi bu ko‘rsatkichni yanada oshirishga xizmat qiladi.
Mazkur loyiha natijasida shakllanadigan axborot tizimlari ta’lim jarayonini takomillashtirish va o‘quv jarayoni sifatini yanada oshirishda keng imkoniyatlar yaratadi.