Javlon Vahobov: Farg‘ona vodiysida tinchlik me’morchiligini iqtisodiy hamkorlik bilan mustahkamlash vaqti keldi
Tinchlik – har qanday jamiyat taraqqiyoti, xalq farovonligi va kelajakka ishonchning eng muhim sharti. Osoyishtalik hukm surgan yurtdagina inson o‘z orzu-maqsadlarini ro‘yobga chiqarishi, davlat esa barqaror rivojlanish yo‘lidan borishi mumkin. Shu bois, bugungi murakkab va tahlikali davrda tinchlikni asrash, o‘zaro ishonch va hamjihatlikni mustahkamlash har qachongidan ham dolzarb hisoblanadi.
Ayniqsa, qo‘shni mamlakatlar bilan tinchlik va totuvlikda yashash xalqlar farovonligi hamda butun mintaqa barqarorligining mustahkam poydevoridir. Zero, qo‘shnilar o‘rtasidagi yaxshi munosabat faqat siyosiy muloqot bilan cheklanmaydi. U chegaralar osoyishtaligi, savdo-iqtisodiy aloqalar rivoji, madaniy-gumanitar yaqinlik, odamlarning erkin bordi-keldisi va eng muhimi, kelajakka bo‘lgan umumiy ishonchda namoyon bo‘ladi. Tinch va ahil qo‘shnichilik muhiti esa mamlakatlar o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirib, butun mintaqani taraqqiyot va farovonlik makoniga aylantirishga xizmat qiladi.
Ma’lumki, yaqinda Tojikistonning Xo‘jand shahrida “Farg‘ona vodiysi: tinchlik, ishonch va farovonlik makoni” mavzusida Farg‘ona Ⅱ-tinchlik forumi o‘tkazildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan ta’sis etilgan anjuman ketma-ket ikkinchi yil O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikiston davlat tuzilmalari, ekspertlar hamjamiyati, ilmiy doiralar va fuqarolik jamiyati vakillarini bir maydonda birlashtirmoqda. Tadbir Tojikiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik tadqiqotlar markazi hamda Sug‘d viloyati davlat hokimiyati ijroiya organi tomonidan tashkil etildi.
Forum ishida uch mamlakatning chegaradosh viloyatlari rahbarlari, shuningdek, BMT, Yevropa Ittifoqi, YXHT, Xalqaro migratsiya tashkiloti va boshqa xalqaro tuzilmalar vakillari ishtirok etdi.
Yig‘in davomida Tojikiston, Qirg‘iziston va O‘zbekiston o‘rtasidagi ko‘p asrlik do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini yanada mustahkamlash, Farg‘ona vodiysida tinchlik va barqarorlikni ta’minlash, shuningdek, hududlararo amaliy hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

E’tiborlisi, “Farg‘ona vodiysining iqtisodiy va sanoat rivojlanishiga strategik nigoh” sessiyasida so‘zga chiqqan Markaziy Osiyo xalqaro instituti (MOXI) direktori Javlon Vahobov hamkorlikning amaliy jihatlari hamda uni bevosita vodiy viloyatlari darajasida ro‘yobga chiqarish imkoniyatlariga e’tibor qaratdi.
Uning ta’kidlashicha, 2026-yil so‘nggi o‘n yillikda yuz bergan o‘zgarishlar ko‘lamini baholash uchun muhim imkoniyat yaratadi. Bu davrda nafaqat mintaqa davlatlari o‘rtasidagi siyosiy munosabatlar, balki Markaziy Osiyoning iqtisodiy geografiyasi ham tubdan o‘zgardi. Endilikda asosiy masala o‘zaro savdoning o‘sishi qo‘shni hududlar iqtisodiyotlari o‘rtasida barqaror ishlab chiqarish aloqalari, ixtisoslashuv va o‘zaro to‘ldiruvchanlikning shakllanishi bilan qay darajada uyg‘un kechayotganidadir.
MOXI direktori Farg‘ona vodiysi uch davlatning yetti viloyatini birlashtirib, qariyb 18 million kishilik iqtisodiy makonni tashkil etishini tilga oldi. Biroq yirik bozorning mavjudligi o‘z-o‘zidan yuqori samaradorlikni anglatmaydi. Xususan, vodiyning O‘zbekistondagi uch viloyatida mamlakat aholisining qariyb 29 foizi istiqomat qilsa-da, ular mamlakat YAIMining taxminan 16,5 foizini shakllantiradi.

J.Vahobovning fikricha, asosiy zaxira mehnat unumdorligini oshirish, hududlar ixtisoslashuvini chuqurlashtirish hamda qo‘shni hududlarning bir-birini iqtisodiy jihatdan to‘ldirish salohiyatidan samarali foydalanishdadir. Andijon mashinasozlik va muhandislik salohiyatiga, Namangan kuchli to‘qimachilik bazasiga, Farg‘ona viloyati kimyo va qayta ishlash sanoatiga, Sug‘d viloyati esa yirik agrar va xomashyo salohiyatiga ega. O‘sh savdo va xizmat ko‘rsatish markazi vazifasini bajaradi, Jalolobod energetika va transport salohiyatini o‘zida mujassam etsa, Botken bog‘dorchilik sohasida kuchli mavqega ega.
MOXI direktori qayd etganidek, kooperatsiyani yanada aniq va samarali yo‘lga qo‘yish uchun aloqalarni muayyan viloyatlar darajasida ko‘ra bilish, ular o‘rtasida qanday tovar oqimlari shakllanayotganini va qaysi yo‘nalishlarda bir-birini to‘ldiruvchi ishlab chiqarish quvvatlari mavjudligini tushunish muhim. Bunday hududlararo tahlil salohiyatni umumiy baholashdan aniq yo‘naltirilgan iqtisodiy siyosatga o‘tish imkonini beradi.
Shu asosda bugunning o‘zidayoq sifat jihatidan yangi natijalarga erishish mumkin bo‘lgan qator yo‘nalishlar taklif etildi.
Agrosanoat sohasida J.Vahobov vodiyni yagona taqsimlangan klaster sifatida ko‘rib chiqishni taklif etdi. Bunda transchegaraviy kontrakt asosidagi dehqonchilik amaliy model bo‘lishi mumkin. Unga ko‘ra, bir viloyatdagi qayta ishlash korxonalari qo‘shni hududlardagi xo‘jaliklar bilan uzoq muddatli shartnomalar tuzib, ularni zarur texnologiyalar bilan ta’minlaydi va yetishtirilgan mahsulotni kafolatli xarid qiladi. Yer va undan olinadigan daromad esa mahalliy ishlab chiqaruvchida qoladi.

Istiqbolda mahsulot chegarani oddiy xomashyo sifatida emas, balki saqlash, qayta ishlash, qadoqlash va eksportni qamrab oluvchi umumiy qiymat zanjirining dastlabki bo‘g‘ini sifatida kesib o‘tishi lozim.
Shuningdek, forumda suv masalasiga ham alohida e’tibor qaratildi. MOXI direktori aytishicha, suv bo‘yicha munozarani bosqichma-bosqich “kimga qancha suv tegadi” degan masaladan “har bir kub metr suv qanday samara beradi” degan yondashuvga o‘tkazish zarur. Bunday yondashuvda suv energetika va sanoat bilan uzviy bog‘lanadi. Mintaqaning bir qismidagi gidroenergetika salohiyati, boshqa qismidagi uskunalar ishlab chiqarish imkoniyatlari va uchinchi hududdagi servis kompetensiyalari bir-birini takrorlamasdan, o‘zaro uyg‘un holda ishlashi mumkin.
Xitoy–Qirg‘iziston–O‘zbekiston temir yo‘li mavzusi ham muhokamalar markazida bo‘ldi. J.Vahobovning ta’kidlashicha, ushbu loyihaning iqtisodiy samarasi qurilish materiallari, metall mahsulotlari, oziq-ovqat va xizmatlarga bo‘lgan talab hisobiga qurilish bosqichining o‘zidayoq namoyon bo‘la boshlaydi. Andijon va Jalolobod viloyatlarini bir-birini to‘ldiruvchi yagona sanoat-logistika kamari sifatida ko‘rib chiqish, shuningdek, loyiha ehtiyojlari uchun vodiydagi sertifikatlangan yetkazib beruvchilarning yagona reyestrini shakllantirish taklif etildi. Yanada keng ko‘lamli vazifa sifatida qurilish materiallari, agrosanoat mahsulotlarini qayta ishlash, to‘qimachilik, elektrotexnika va temir yo‘l infratuzilmasiga xizmat ko‘rsatishga ixtisoslashgan, o‘zaro bog‘langan milliy hududlardan iborat uch tomonlama maxsus iqtisodiy zonani tashkil etish masalasini ishlab chiqish mumkinligi qayd etildi.
To‘qimachilik sohasida, MOXI direktori qayd etganidek, Namangandagi korxona Sug‘d yoki Jaloloboddagi hamkorni o‘z viloyati ichidagi sherikni tanlagandek tabiiy iqtisodiy mantiq asosida tanlay boshlagan taqdirdagina integratsiya amaliy mazmun kasb etadi. Tarmoqlarning uzun ro‘yxatini shakllantirish o‘rniga, u paxta tolasidan tayyor kiyim-kechakkacha yoki gidrotexnika uskunalaridan ularni o‘rnatish va servis xizmatlarigacha bo‘lgan 10-15 ta aniq transchegaraviy ishlab chiqarish zanjirini belgilashni taklif etdi.
Ma’ruzada turizm masalalariga ham salmoqli o‘rin ajratildi. 2025-yilda O‘zbekistonga kiruvchi turistik oqimning qariyb yarmi Qirg‘iziston va Tojikiston fuqarolari hissasiga to‘g‘ri keldi, tibbiy maqsadda kelgan sayyohlarning esa qariyb 87 foizi aynan shu ikki davlatdan tashrif buyurgan. J.Vahobovning fikricha, endilikda asosiy vazifa safarlar davomiyligini uzaytirish va ularning hududlar uchun iqtisodiy samarasini oshirishdan iborat.
Bu borada Xo‘jand–Qo‘qon–Farg‘ona va O‘sh–Andijon–Namangan kabi 48–72 soatlik qisqa transchegaraviy yo‘nalishlarni rivojlantirish, tibbiy xizmatlarning mintaqaviy bozorini shakllantirish, shuningdek, butun Farg‘ona vodiysiga tashrif buyurishni istagan Yevropa, Ko‘rfaz mamlakatlari va Sharqiy Osiyodan keluvchi sayyohlar uchun O‘zbekistonning aviatsiya infratuzilmasidan havo darvozasi sifatida foydalanish istiqbolli yechimlar sifatida ko‘rsatildi.
Ta’lim mintaqaviy iqtisodiyotning yetarlicha baholanmayotgan yo‘nalishlaridan biri va xizmatlar eksportining muhim sohasi sifatida qayd etildi. So‘nggi o‘n yil ichida O‘zbekistondagi xorijiy oliy ta’lim muassasalari soni 7 tadan 30 taga yetdi. Bu esa qo‘shni davlatlar fuqarolariga xalqaro darajadagi ta’limni geografik jihatdan yaqin hududda olish imkonini bermoqda. MOXI direktori ta’kidlaganidek, talabalar mamlakatlar iqtisodiyotlari o‘rtasidagi professional aloqalarning muhim bog‘lovchisiga aylanadi. Shu munosabat bilan vodiy viloyatlari uchun agrotexnologiyalar, suv resurslari, gidroenergetika, logistika, to‘qimachilik, turizm va tibbiyot yo‘nalishlarida mutaxassislar tayyorlash bo‘yicha qo‘shma dasturlarni shakllantirish taklif etildi.
So‘zini yakunlar ekan, J.Vahobov o‘nlab yillar davomida Farg‘ona vodiysi iqtisodiyoti uch davlat yagona makon va uning resurslarini qanday taqsimlashi nuqtai nazaridan o‘rganib kelinganini qayd etdi. Bugun esa ushbu makonda qo‘shilgan qiymatni birgalikda qanday yaratish masalasini kun tartibiga qo‘yish vaqti keldi.
Agar yangi mintaqaviy hamkorlikning birinchi bosqichi chegaralarni ochishga qaratilgan bo‘lsa, navbatdagi bosqich o‘zaro bog‘langan ishlab chiqarish zanjirlarini shakllantirishga bag‘ishlanishi lozim. Shunda barqarorlik nafaqat davlatlarning siyosiy irodasiga, balki minglab korxonalar, qo‘shma investitsiyalar, ish o‘rinlari hamda millionlab insonlarning aniq manfaatlariga ham tayanadi.
– Agar kecha Farg‘ona vodiysida tinchlikni ta’minlash asosiy vazifa bo‘lgan bo‘lsa, bugun ushbu tinchlik me’morchiligining iqtisodiy poydevorini yaratish zarur, – deya ta’kidladi MOXI direktori o‘z nutqida.
U iqtisodiy jihatdan o‘zaro bog‘langan Farg‘ona mintaqasi Yangi Markaziy Osiyoning eng yorqin muvaffaqiyat tarixlaridan biriga aylanishi mumkinligiga ishonch bildirdi.
O‘.Alimov, O‘zA