Suv xo‘jaligini raqamlashtirish bo‘yicha xalqaro hamkorlik kengaytiriladi
BMTning Barqaror rivojlanish bo‘yicha yuqori darajadagi siyosiy forumi (HLPF-2026) doirasida Nyu-York shahrida O‘zbekiston Respublikasi suv xo‘jaligi vaziri Shavkat Hamroyev Shveysariyaning suv resurslarini intellektual hisobga olish va raqamli monitoring yo‘nalishida faoliyat yurituvchi “GWF AG” kompaniyasining savdo bo‘yicha bosh direktori Kris Bold bilan uchrashdi.
Muloqotda mamlakatimizda suv xo‘jaligi sohasini modernizatsiya qilish, raqamlashtirish, suv tejovchi texnologiyalarni keng joriy etish hamda Barqaror rivojlanish maqsadlarining 6-yo‘nalishi (SDG 6) bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar va erishilgan natijalar xususida ma’lumot berildi. Shuningdek, suv resurslaridan samarali va oqilona foydalanish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekani ta’kidlandi.
Uchrashuv davomida “GWF AG” kompaniyasining intellektual suv hisobi, yuqori aniqlikdagi suv o‘lchash qurilmalari, masofaviy monitoring hamda raqamli boshqaruv tizimlari bo‘yicha ilg‘or yechimlari taqdim etildi. Kompaniya vakillari suv resurslarini samarali boshqarishda ishonchli ma’lumotlar va aniq hisob-kitob hal qiluvchi ahamiyat kasb etishini qayd etdi.
Tomonlar suv xo‘jaligini raqamlashtirish, irrigatsiya infratuzilmasini modernizatsiya qilish, gidrotexnik inshootlarda zamonaviy monitoring tizimlarini joriy etish, suv hisobini takomillashtirish, shuningdek, suv omborlarini qurish va ulardan samarali foydalanish masalalari yuzasidan fikr almashdi.
Muzokaralarda O‘zbekistonda zamonaviy suv o‘lchash texnologiyalarini joriy etishga qaratilgan pilot loyihalarni amalga oshirish, ularni grant mablag‘lari asosida qo‘llab-quvvatlash hamda ilg‘or texnologiyalarni amaliyotga keng tatbiq etish imkoniyatlari ham muhokama qilindi.
Uchrashuv yakunida tomonlar suv xo‘jaligi sohasida o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada rivojlantirish, texnik muloqotlarni davom ettirish va istiqbolli qo‘shma loyihalarni birgalikda amalga oshirishga tayyor ekanliklarini bildirdi.
N.Ziyodullayeva, O‘zA