Suv ta’minotida moliyaviy bilimlar markazi ochildi
Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi hamda Shveysariya taraqqiyot va hamkorlik agentligi hamkorligida amalga oshirilayotgan «O‘zbekistonda suv resurslarini milliy boshqarish» loyihasi doirasida «Suv ta’minoti va sanitariyaning moliyaviy jihatlari» mavzusida o‘quv-trening kursiga start berildi.
Mazkur trening suv ta’minoti va sanitariya sohasida moliyaviy boshqaruvni takomillashtirish, xizmatlar sifatini oshirish hamda tizimlarning uzoq muddatli barqarorligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Hozirgi kunda sohada infratuzilmani rivojlantirish bilan bir qatorda uni samarali boshqarish, xarajatlarni to‘g‘ri rejalashtirish, iqtisodiy asoslangan tariflarni joriy etish va moliyaviy intizomni kuchaytirish dolzarb vazifalardan hisoblanadi. Shu nuqtai nazardan, mazkur trening sohadagi mavjud muammolarga amaliy yechim topishga xizmat qiladigan muhim platforma sifatida tashkil etildi.
Trening ochilish marosimida qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Ozoda Jo‘rayeva ishtirok etib, mamlakatimizda aholini toza va sifatli ichimlik suvi bilan ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan izchil islohotlarga alohida to‘xtalib o‘tdi.
–Ichimlik suvi ta’minoti tizimining barqaror ishlashi, avvalo moliyaviy boshqaruv samaradorligiga bog‘liq, – deydi qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Ozoda Jo‘rayeva. – Shu bois, bu kabi o‘quv-treninglar orqali mutaxassislarning amaliy bilim va ko‘nikmalarini mustahkamlash, joylarda samarali va shaffof boshqaruvni yo‘lga qo‘yish muhim ahamiyat kasb etadi.
Treningda vazirlik tizimi xodimlari, shuningdek, davlat ijtimoiy buyurtmalari asosida faoliyat yuritayotgan nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari ham ishtirok etmoqda.
Besh kun davom etadigan o‘quv kursi doirasida ishtirokchilarga nazariy bilimlar bilan bir qatorda, amaliy ko‘nikmalarni shakllantirishga ham alohida e’tibor qaratiladi. Darslar davomida real keyslar tahlili, guruhli mashg‘ulotlar, moliyaviy hisob-kitoblar bo‘yicha amaliy mashqlar hamda tajriba almashish sessiyalari o‘tkaziladi.
Suv resurslarini integral boshqarish asoslari va WASH sohasida uning qo‘llanilishi, ichimlik suvi ta’minoti va oqova suvlar sohasidagi me’yoriy-huquqiy baza, kommunal xizmatlarda moliyaviy mexanizmlar va tarif siyosati, tariflarni hisoblash usullari va moliyaviy barqarorlikni ta’minlash, suv iste’molini hisobga olish va resurslarni samarali boshqarish, suv ta’minoti tizimlarini ekspluatatsiya qilish va texnik yo‘qotishlarni kamaytirish ko‘zda tutilgan.
Trening davomida ishtirokchilar nafaqat yangi bilimlarga ega bo‘ladi, balki o‘z ish faoliyatida qo‘llash mumkin bo‘lgan aniq amaliy yechimlar va yondashuvlarni ham o‘zlashtiradi.
O‘quv kursi yakunida ishtirokchilar sertifikatlar bilan taqdirlanadi. Mazkur tadbir suv ta’minoti va sanitariya sohasida mutaxassislarning institutsional salohiyatini mustahkamlash, xizmatlar sifatini oshirish va barqaror moliyaviy mexanizmlarni shakllantirishda muhim qadam hisoblanadi.
Sh.Mamaturopova, O‘zA