Suv ta’minoti sohasida aholini qanday muammolar qiynamoqda?
Senatning Agrar, suv xo‘jaligi masalalari va ekologiya qo‘mitasi majlisida “O‘zsuvta’minot” aksiyadorlik jamiyatining jismoniy va yuridik shaxslar murojaatlari bilan ishlash, aholi bilan uchrashuvlar va sayyor qabullar tashkil qilish, murojaatlarda ko‘tarilgan masala va muammolarni hal etish yuzasidan amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risidagi axboroti eshitildi.
Majlisda 2026-yilning birinchi yarim yilligida Prezident Virtual va Xalq qabulxonasiga “O‘zsuvta’minot” aksiyadorlik jamiyati faoliyatiga oid 7,8 mingdan ortiq murojaat tushgani qayd etildi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 24 foizga kamaygan. Ushbu murojaatlarning 4 ming 911 tasi ijobiy hal etilgan.
Murojaatlarning asosiy qismi ichimlik suvi tarmoqlaridagi avariya holatlari, suv ta’minotidagi uzilishlar va bosim pastligi masalalariga oid bo‘lib, ushbu yo‘nalishda 2 ming 408 murojaat qayd etilgan. Ichimlik suvi uchun to‘lovlar, qarzdorlik va qayta hisoblash masalalari yuzasidan 1 ming 788, markazlashgan ichimlik suvi tarmog‘iga ulanish bo‘yicha esa 1 ming 67 murojaat kelib tushgan.
Shu bilan birga, joriy yilning o‘tgan davrida 1 ming 40 ta takroriy murojaat kelib tushgan bo‘lib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 36 foizga oshgan. Hududlar kesimida eng ko‘p takroriy murojaatlar Surxondaryo viloyati (136 ta), Toshkent shahri (126 ta), Toshkent (93 ta), Farg‘ona (86 ta), Qashqadaryo (81 ta) viloyatlari aholisidan kelib tushgan.

Muhokamalar davomida senatorlar tomonidan takroriy va jamoaviy murojaatlarning mavjudligi jamiyat tizimida murojaatlar bilan ishlashda ayrim kamchiliklar saqlanib qolayotganini ko‘rsatayotgani ta’kidlandi.
Xususan, mahalliy darajada hal etilishi mumkin bo‘lgan masalalarning o‘z vaqtida ko‘rib chiqilmayotgani, qo‘shimcha vaqt, mablag‘ va boshqa resurslar talab etiladigan muammolar yuzasidan aholi bilan manzilli muloqot va tushuntirish ishlari yetarli darajada olib borilmayotgani takroriy hamda jamoaviy murojaatlar ko‘payishiga sabab bo‘lgan.

Shuningdek, ayrim hududlarda murojaatlarni ko‘rib chiqish sifati, ijroni nazorat qilish hamda muammolarni joyida bartaraf etish bo‘yicha kamchiliklar mavjudligiga e’tibor qaratildi.
Majlis yakunida murojaatlarni ko‘rib chiqishda aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish, muammolarni joyida hal qilish, takroriy murojaatlarning oldini olish hamda aholi bilan ishlash tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha mas’ullarga tegishli tavsiyalar berildi.
N.Abduraimova,
O‘zA