Suv resurslarini samarali boshqarishnimalarga bog‘liq?
O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirining o‘rinbosari Adiz Boboyev va Jahon banki vakillari o‘rtasida uchrashuv o‘tkazildi. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi axborot xizmati ma’lum qildi.
Unda tomonlar suv ta’minoti sohasidagi loyihalarni amalga oshirish borasida so‘z yuritar ekan, suvni tejashning ilg‘or texnologiyalarini joriy etish, suv resurslarini samarali boshqarish va suv resurslari sarfini o‘lchash usullariga ham asosiy e’tibor qaratdi.
Qayd etilganidek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan sohani rivojlantirish hamda isloh qilish bo‘yicha kechiktirib bo‘lmas tadbirlarni amalga oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Davlatimiz rahbarining 2024 yil 5 yanvardagi “Quyi bo‘g‘inda suv resurslarini boshqarish tizimini takomillashtirish hamda suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilingani bu ishlar ko‘lamini oshirishga xizmat qiladi.
Shundan kelib chiqib, tadbirda Jahon bank vakillarining O‘zbekistonda mazkur sohada amalga oshirilayotgan islohotlarni yanada samarali davom ettirish bo‘yicha takliflari eshitildi.
Tomonlar ushbu yo‘nalishda mamlakatimizdagi mavjud muammolar va boshqaruv tizimi, muammolarni bartaraf etishning tizimli yondashuvlari xususida fikr almashdi. Shuningdek, ular bu borada Turkiya, Xitoy Xalq Respublikasi, Hindiston, Pokiston, Eron, Misr tajribalarini ko‘rib chiqdi.
Tadbir yakunida mazkur masalalarni jiddiy o‘rganish va muhokamalarni davom ettirishga kelishib oldi.
N. Ziyodullayeva tayyorladi, O‘zA