Suv muammosi bo‘lmaydi
Qaror va ijro
Toshkent tumani Keles hududida zamonaviy suv ko‘tarish inshootlari foydalanishga topshirildi.
Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirda “O‘zsuvta’minot” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisining birinchi o‘rinbosari Tohir Haydarov, tashkilotning “Toshkent viloyati suv ta’minoti” AJ vakillari, tuman hokimligi mas’ullari, soha mutaxassislari va hudud faollari qatnashdi.
[gallery-19022]
Ma’lumki, Prezidentimizning 2017 yil 3 martdagi “Osiyo taraqqiyot banki ishtirokida “Toshkent viloyatining shahar va tumanlarida suv ta’minoti va kanalizatsiya tizimlarini rekonstruksiya qilish va qurish (1-bosqich)” loyihasini amalga oshirish to‘g‘risida”gi qarori doirasida joylarda maxsus suv ko‘tarish inshootlarini bunyod etish belgilangan. Shuni e’tiborga olib, joylarda mazkur inshootlarning ishga tushishi aholining ichimlik suvi ta’minotini oshirish, suv muammosi va isrof bo‘lishini bartaraf etishga xizmat qilmoqda.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, ilgari Toshkent tumani aholisining 78,9 foizi yoki 18 ming 304 ta xonadon jadval asosida ichimlik suvi bilan ta’minlangan. Endilikda loyiha ishga tushgach, bu ko‘rsatkich 92 foizga yetadi yoki 21 ming 345 ta xonadon doimiy ichimlik suvi bilan ta’minlanadi. Xususan, Osiyo taraqqiyot banki ishtirokida amalga oshirilayotgan ushbu yangi loyihalarning 1-bosqich 4-paketida “MESMER-EAST” mas’uliyati cheklangan jamiyat tomonidan 3 ta – URV-2, URV-3 va URV-4 suv ko‘tarish inshootlari belgilangan reja bo‘yicha ishga tushirilmoqda.
Jumladan, 1978 yilda ishga tushirilgan “Keles” suv inshooti qayta modernizatsiya qilinishi tufayli endi 15 ta mahallada yashovchi 40 ming 102 nafar aholi ichimlik suvi bilan ta’minlamoqda. Buning uchun joylarda 49.01 kilometr ichimlik suvi tarmoqlari tortildi va maxsus quti ichida ichimlik suvi hisoblagichlari o‘rnatib berildi.
Tadbir ishtirokchilari amalga oshirilgan ishlarni ko‘zdan kechirib, ishchi-mutaxassislar bilan suhbatlashdi.
A.Musayev, A.Alijonov (surat), O‘zA.