Suv kelgan qishloq: G‘uzorda islohotlar odamlar hayotini qanday o‘zgartirmoqda?
Qashqadaryo viloyatida aholini sifatli ichimlik suvi bilan ta’minlash so‘nggi yillarda ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi. Ayniqsa, xalqaro moliya institutlari ishtirokida amalga oshirilayotgan yirik loyihalar suv ta’minoti tizimini mutlaqo yangi bosqichga olib chiqmoqda.
Prezidentning 2024-yil 28-martdagi PQ–141-son qaroriga muvofiq, Islom taraqqiyot banki ishtirokida amalga oshirilayotgan “Qishloq joylarni kompleks rivojlantirish” loyihasining ikkinchi bosqichi doirasida Qashqadaryo viloyatining Kitob, Shahrisabz, Yakkabog‘, Qamashi va G‘uzor tumanlaridagi 25 ta mahallada ichimlik suvi tizimlarini qurish va rekonstruksiya qilish ishlari boshlangan.
Umumiy qiymati 94,7 milliard so‘m bo‘lgan mazkur loyihalar uchun 2026-yilda 60,1 milliard so‘mlik qurilish-montaj ishlari rejalashtirilgan. Hozirga qadar 269,3 kilometr yangi ichimlik suvi tarmoqlari barpo etildi. Shuningdek, bir qator suv inshootlari ham qurilib, tizimning ishonchli faoliyat yuritishi uchun zamonaviy muhandislik yechimlari joriy etilmoqda.
Hududlar kesimidagi ko‘rsatkichlar ham e’tiborga molik. Kitob tumanida oltita mahallada 40,6 kilometr, Shahrisabz tumanida to‘rtta mahallada 60,1 kilometr, Yakkabog‘ tumanida 31,7 kilometr, Qamashida 45,4 kilometr hamda G‘uzor tumanida 93,5 kilometr yangi ichimlik suvi tarmoqlari qurildi. Bu raqamlar ortida esa minglab oilalarning kundalik turmushi, sog‘lig‘i va hayot sifati mujassam.
Bu borada G‘uzor tumanida amalga oshirilayotgan ishlar alohida e’tiborga loyiq.
Tumanda bugun 227 ming nafar aholi istiqomat qiladi. Yaqin vaqtgacha ularning atigi 77,9 ming nafari, ya’ni 34,3 foizi markazlashgan ichimlik suvidan foydalanar, qolgan aholi esa suvni maxsus avtomashinalarda tashib keltirishga majbur edi. Bu esa nafaqat ortiqcha xarajat, balki sanitariya va turmush sifati bilan bog‘liq qator muammolarni ham keltirib chiqarardi.
Mavjud loyiha doirasida Xumdon, Xalqobod, Yangiobod, Muminobod, Bo‘ston va Chanoq mahallalarida 121,3 kilometr yangi ichimlik suvi tarmoqlari qurilmoqda. Bu ishlar uchun 19,5 milliard so‘m mablag‘ ajratilgan bo‘lib, qurilish-montaj ishlari jadal sur’atlarda davom etmoqda.
Shu bilan birga, tuman markazidagi to‘qqiz mahallada 92,8 kilometr oqova suv tarmoqlari, zamonaviy oqova suv tozalash inshooti hamda oltita kanalizatsiya nasos stansiyasini barpo etish uchun 18,1 million dollar yo‘naltirilgan.
Ushbu loyihalar yakunlangach, 38,9 ming nafar aholi ilk bor markazlashgan ichimlik suviga ega bo‘ladi. Natijada qamrov darajasi 34,3 foizdan 51,5 foizgacha oshadi. Shuningdek, oqova suv xizmati bilan qamrov ham amalda yo‘q darajadan 17 foizga yetkazilishi rejalashtirilgan.
G‘uzor tumani suv ta’minoti korxonasi bosh muhandisi Allayor To‘xtayevning ta’kidlashicha, keyingi olti yil ichida tumandagi vaziyat keskin o‘zgargan.
– 2020-yilda markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlanganlik darajasi atigi 3 foizni tashkil etgan edi. Bugun bu ko‘rsatkich 34 foizga yetdi. Yangi loyihalar to‘liq ishga tushgach esa 51 foizdan oshadi. Hozir 12 ta mahallaga suv yetkazib beryapmiz, yaqin orada ular soni 18 taga yetadi. Tumanda umumiy sig‘imi 16 ming kub metr bo‘lgan sakkizta suv rezervuari xizmat ko‘rsatmoqda, – deydi mutaxassis.
“Qashqadaryo suv ta’minoti” aksiyadorlik jamiyati axborot xizmati rahbari Ixtiyor Umarovning aytishicha, qurilish ishlarining qariyb 60 foizi bajarilgan.
– Loyiha doirasida 121 kilometr ichimlik suvi tarmog‘i qurilmoqda. Qurilish ishlarini joriy yil sentabr oyida to‘liq yakunlash rejalashtirilgan, – deydi u.
Biroq har qanday raqamning haqiqiy qiymati uning inson hayotiga qanday ta’sir ko‘rsatganida namoyon bo‘ladi.
Chanoq mahallasi raisi Mastura Hayitovaning aytishicha, mahalladagi 673 ta xonadonning har biriga ichimlik suvi tarmog‘i tortilib, hisoblagich va kranlar o‘rnatilgan.
– Ilgari aholi bir mashina suv uchun 250-300 ming so‘m to‘lardi. Endi esa suv har bir xonadon eshigigacha keldi. Bu odamlarning og‘irini yengil qildi, – deydi u.
Mahalla fuqarosi Dilrabo Berdiyeva ham o‘zgarishlarning eng katta bahosini oddiy hayot misolida ifoda etadi.
– Shu xonadonga kelin bo‘lib tushganimga o‘ttiz besh yil bo‘ldi. Ayniqsa, ayollar uchun suv tashish eng katta muammo edi. Bir mashina suvni qimmatga sotib olardik va uni tejab bir necha oy ishlatishga harakat qilardik. Endi esa suv uyimiz oldiga keldi. Bu nafaqat qulaylik, balki katta iqtisod ham bo‘ldi, – deydi u.
Xumdon mahallasi raisi Dilrabo Yuldosheva esa bugun mahalladagi qariyb 1200 xonadonning har biri ichimlik suvi bilan ta’minlanishini kutayotganini aytadi.
[gallery-30330]
– Ilgari aholi suvni tashib keltirishga majbur edi. Hozir barcha ko‘chalarda qurilish ishlari ketmoqda. Odamlarning kayfiyati o‘zgardi. Bu o‘zgarishlarni ular o‘z hayotida his qilmoqda, – deydi mahalla raisi.
Asosiysi, bu loyihalarning samarasi qurilgan quvurlar yoki o‘zlashtirilgan mablag‘lar bilan emas, balki odamlarning hayotidagi amaliy o‘zgarishlar bilan o‘lchanadi. Bir vaqtlar suv tashish uchun yuz minglab so‘m sarflagan xonadonlar bugun barqaror kommunal xizmatdan foydalanmoqda. Sanitariya sharoitlari yaxshilanmoqda, vaqt va mablag‘ tejalmoqda, eng muhimi, odamlarning ertangi kunga ishonchi mustahkamlanmoqda.
Qashqadaryoda amalga oshirilayotgan mazkur loyihalar infratuzilma qurilishi bilan cheklanmaydi. Ular qishloq aholisining turmush sifatini yuksaltirish, hududlar o‘rtasidagi farqlarni qisqartirish va “Inson qadri uchun” tamoyilini hayotga tatbiq etishning amaliy ifodasi sifatida ahamiyat kasb etmoqda.
O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA muxbirlari