Surxondaryolik suvchilar yangi ma’muriy binoda ish boshladi
Termiz shahrida “Surxondaryo suv ta’minoti” aksiyadorlik jamiyatining yangi ma’muriy binosi foydalanishga topshirildi.
Shu munosabat bilan bo‘lib o‘tgan tantanali tadbirda mamlakatimizda aholini sifatli ichimlik suvi bilan ta’minlab, suv ta’minoti tizimining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash va sohada mehnat qilayotgan ishchi-xodimlar uchun munosib mehnat sharoitlarini yaratish yuzasidan amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar haqida so‘z yuritildi.

Janubdagi vohada ham qiymati 2,847 trillion so‘mlik “To‘palang suv ombori suvidan foydalanish hisobiga Surxondaryo viloyatining ichimlik suv ta’minotini yaxshilash” loyihasi doirasida Termiz shahri va 11 tumandagi iste’molchilar bosqichma-bosqich sifatli ichimlik suvi bilan ta’minlanmoqda. Megaloyiha to‘liq ishga tushgach, viloyatdagi 302 ta mahallada yashaydigan 1 million 300 mingdan ortiq aholining ekologik toza ichimlik suv ta’minoti tubdan yaxshilanadi. Shuningdek, boshqa sifatli suv manbalari hisobidan ham iste’molchilarni toza ichimlik suvi bilan ta’minlash loyihalarida qurilish ishlari davom etmoqda. Viloyatda keyingi to‘qqiz yilda aholining markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlanganlik darajasi 47,1 foizdan 68,5 foizga yetkazilgan bo‘lsa, mazkur loyihalarning to‘liq ishga tushirilishi bu ko‘rsatkichni yanada oshiradi.

Mustaqilligimizning 35 yilligi nishonlangan yilda “Surxondaryo suv ta’minoti” aksiyadorlik jamiyati uchun barcha sharoitlarga ega yangi ma’muriy bino bunyod etilib, foydalanishga topshirilgani viloyatning suv ta’minoti tizimi faoliyatini yanada samarali tashkil etish va xodimlar uchun munosib mehnat sharoiti yaratishga xizmat qiladi.
Qiymati 9 milliard 500 million so‘mlik uch qavatli bino zamonaviy usulda jihozlangan.

Tadbir ishtirokchilari yangi ma’muriy binoda yaratilgan qulayliklar bilan tanishdi.
Tantanali tadbirda viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov va “O‘zsuvta’minot” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi Ahmad Suvonqulov ishtirok etdi.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri