Surxondaryoda yosh kitobxonlar saralandi
Termiz shahridagi Yoshlar markazida “Yosh kitobxon” tanlovining Surxondaryo viloyat bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Viloyatda joriy yilgi tanlovning saralash bosqichlarida 48 mingdan ortiq 10 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan yosh kitobsevar ishtirok etib, o‘zlarining kitob bilan yaqin do‘st tutinganlik qobiliyati, zehni va bilimini sinovdan o‘tkazdi. Viloyat bosqichida tuman va Termiz shahar pog‘onalarida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan 45 nafar iqtidorli kitobxon 10 yoshdan 14 yoshgacha, 15 yoshdan 19 yoshgacha va 20 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan toifada ikkita shart bo‘yicha o‘zaro bellashdi.
Qatnashchilar dastlab “Badiiy asarlar bilimdoni” sharti doirasida ekspertlar komissiyasi tavsiya etgan o‘zbek va jahon adabiyotiga oid asarlardan bilet tortish orqali tanlov qildi hamda tanlagan kitoblarining mazmun-mohiyati, g‘oyasi va ahamiyati haqida atroflicha javob berdi.
Tanlovning navbatdagi “Tezkor savol-javob” shartida ham yosh kitobxonlar komissiya tavsiya etgan adabiyotlardan tuzilgan beshta savolga beshta javob berishga intildi. Hakamlar hay’ati a’zolari qo‘shimcha savollari bilan ularning bilimlarini sinovdan o‘tkazdi.
– Prezidentimiz tashabbusi bilan yosh kitobxonlarni rag‘batlantirib, mutolaa madaniyatini yuksaltirishga qaratilayotgan e’tibor ma’naviy barkamol va chuqur bilimli o‘g‘il-qizlarni kamolga yetkazishga xizmat qilmoqda, – deydi Yoshlar ishlari agentligi viloyat boshqarmasi yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish bo‘yicha bosh mutaxassisi Ziyodulla Sattorov. – Aslida insonning ma’naviy kamolotini ta’minlashda kitobdan qudratli kuch yo‘q. Kitob mutolaasi kishida chin insoniy fazilatlarni shakllantirib, uning hayotda o‘z o‘rnini topishi, jamiyatning eng faol a’zosiga aylanishi va dunyoqarashini kengaytirishda beqiyos ahamiyat kasb etadi. Nufuzli tanlovda ishtirok etish istagini bildirayotgan yoshlar safining yildan-yilga kengayib borayotgani ham vohada kitob mutolaasiga qiziqish oshayotganini ko‘rsatmoqda.
[gallery-28985]
Qizg‘in bahslar asosida o‘tgan tanlov yakunida 10 yoshdan 14 yoshgacha bo‘lgan ishtirokchilar o‘rtasida Boysun tumanidagi Shifobuloq mahallasida yashaydigan Malika Mengniyozova, 15-19 yoshdagi qatnashchilar bahsida ham Boysun tumanidagi Darband mahallasilik Tanzila Jumaqulova, 20-30 yoshgacha bo‘lgan ishtirokchilar bellashuvida Uzun tumanidagi Bobotog‘ mahallasida istiqomat qiladigan Fazilat Diyorova faxrli birinchi o‘rinni egallab, mamlakat bosqichiga yo‘llanma oldi.
Tanlovning g‘olib va sovrindorlari diplom hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Xolmo‘min Mamatrayimov, Jonibek Qo‘zimurodov (surat), O‘zA